Aksil-islomiy film - nafratni kuylovchi guruh mahsuli

  • Amerika Ovozi

Ekspertlar deydiki, Yaqin Sharqda namoyishlarga turtki bergan film moliyaviy jihatdan pishiq kichik bir guruhning mahsuli. Bu uyushma 2001-yil 11-sentabr fojeasi ketidan Qo’shma Shtatlarda musulmonlarga qarshi kayfiyatga o’t yoqib keladi.



Internetda Muhammad payg’ambarni masxara qiluvchi film paydo bo’lganidan beri musulmon dunyosi namoyishlar domiga tortildi.

Vashingtondagi Musulmonlar kengashi vakili Xaris Tarin so’zlariga ko’ra, film Qo’shma Shtatlarda, nafratni kuylovchi “industriya” tomonidan yaratilgan.

“Bu sanoat islomni muammo deb biladi”, - deydi u.

Guruh, deydi u, 11 yil oldin Vashington va Nyu-York terrorchilar hujumiga uchragach paydo bo’lgan.

Amerikada islomni to’xtatishni maqsad qilgan tashkilotlar bor. O’tgan yilgi ilmiy izlanishlar natijasiga qaraganda, ular internet va matbuot diqqat-e’tiborini tobora kuchliroq jalb etmoqda.

O’tgan yili diniy xabarlarga doir anjumanda “Qo’rquv sanoati” nomli tadqiqot ommaga havola etilgan edi. Fayz Shakir – mualliflardan.

“Qo’shma Shtatlarda kichik bir guruh mana 10 yildan oshibdiki, asossiz uydirma va nazariyalarni targ’ib qilib keladi. Qo’rquv va vahima uyg’otishga urinadi. Musulmonlar nomini bulg’ashga harakat qiladi”, - deydi u.

Fayz Shakirning aytishicha, bu uyushma aksil-islomiy tashkilotlardan millionlab dollar yordam olgan.

Norvegiyalik qotil Anders Bering Breyvik AQShdagi aksil-islomiy chiqishlardan ilhom olganini ta’kidlagan. Breyvik o’tgan yilning yozida Osloda va Utoya orolida 77 odam, asosan, yoshlarning boshini yegan.

Joselin Sesari Vashingtondagi Jons Xopkins Universiteti olimasi:

“Xalqaro tus olayapti bu kayfiyat. Yevropa va AQShda o’sha-o’sha bahslar, mavzular va raqamlar tilga olinayotganini ko’rib turibmiz”.

Ekspert Sesari ikki yil oldin Nyu-Yorkda, Jahon savdo markazi yaqinida masjid qurish taklifi va bunga doir bahslarni eslaydi. O’shanda niderlandiyalik siyosatchi Girt Vilders qilgan chiqishlarni eslang, islomofobiya – Yevropa kashfiyoti, deydi olima.

“Muhammad payg’ambarni iblis, jinsiy huzurdan boshi chiqmagan axloqsiz bir dajjol deya ta’riflashlar… Bu gaplar yangilik emas. O’rta asrlarda ham xuddi shunday gaplar bo’lgan”, - deydi u.

Sesarining aytishicha, ekstremist qarashlar har ikki tomondan birday yog’ilib kelmoqda. Bosiq, vazmin fikrlar oraga tushmasa, ahvol yanada og’irlashishi muqarrar,
deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG