Isroil bosh vaziri Vashingtonga taklif etilganidan Oq uy bexabar

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama mart boshida Amerikaga safar qilishni rejalayotgan Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan uchrashmaydi. Uni respublikachilar taklif etgan-u, bu haqda Oq uy bilan maslahat qilmagan.

Obama Eronni yadroviy maqsadlaridan qaytarish uchun diplomatik yo’lni tanlagani, muxolifat nazarida, behuda ish.

Eron yadro qurolini qo’lga kiritishini qanday bartaraf etish mumkin? Obama va Isroil Bosh vaziri Netanyaxu bu borada turlicha fikrda. Netanyaxu Obama tanlagan yo’l ish berishiga ishonmaydi.

Yirik davlatlar va Eron orasida fevralda muzokaralar qayta boshlanar ekan, AQSh Kongressida ayrim qonunchilarning toqati toq. Respublikachilar yetakchisi Jon Beyner Isroil rahbarini Vashingtonga taklif etganidan ko’pchilik taajjubda. Netanyaxu Kongress oldida radikalizm va Eron xavfi haqida so’zlaydi.

“Oq uy bilan maslahat qilganim yo’q, chunki Kongress bunday qarorlarni o’zi mustaqil qabul qila oladi. Dunyo jiddiy xavf bilan yuzlashib turibdi, lekin prezident negadir nutqlarida bu haqda ochiq gapirmaydi”, - deydi Beyner.

Oq uyning bildirishicha, Isroilda mart oxirida saylovlar belgilangani sababli Obama Netanyaxu bilan uchrashmaydi. Demokrat qonunchi Nensi Pelosi ham tashrif shunday paytda uyushtirilayotganini savolga tutdi.

“Saylovga ikki hafta qolganida bunday tashrif uyushtirilishi hech bir davlat uchun o’rinli emas”, - deydi u.

Davlat kotibi Jon Kerri Obama va Netanyaxu o’rtasidagi sovuq munosabatlarga izoh berib o’tdi:

“Isroil bosh vaziri istagan payt AQShga kelib, Kongress oldida so’zlashi mumkin. Lekin taklifnoma haqida spikerdan eshitganimiz g’alati holat. Shu bilan birga, Eron masalasi dolzarb ekani ham hammamizga ma’lum”.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu va prezident Obama

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu va prezident Obama

Prezident bu masalani hal qilish uchun barcha chorani ko’rayapti, deydi Pelosi. Kongress islomiy respublikaga qo’shimcha sanksiya qo’yamiz deb shoshmasligi kerak.

“Muzokara ish beradimi, yo’qmi, bilmaymiz. Lekin Kongress o’z kuchini ko’rsatishiga hozir hojat yo’q”.

Pelosining partiyadoshi Robert Menendez sal boshqacha fikrda:

“Eron kelishuvga yo’q desa oqibatlari bilan yuzlashadi. Uni gapga ko’ndirishning eng yaxshi yo’li – sanksiyalar”.

Jorj Vashington universitetidan Stiv Bilet tahlilicha, tashqi siyosatni belgilashda albatta Kongressning roli bor, lekin ayni damda muzokara natijasini kutgan ma’qul.

“Prezident va respublikachilar o’rtasidagi tortishuvlar xalqaro muzokaralarga qanday ta’sir ko’rsatishini aytish qiyin. Tabiiyki, unda qatnashayotgan tomonlar bu jarayonlarni kuzatib turibdi. Kongress shu tariqa o’z xohish-irodasini o’tkazishga urinishi masala yechimini osonlashtirmaydi. Aksincha chigallashtiradi”, - deydi mutaxassis.

Yaqinda AQShning “Vashington Post” nashrida bir maqola chop etildi. Unda Yevropa Ittifoqi, Germaniya, Fransiya va Britaniya tashqi ishlar vazirlari hozir Eronni qattiqroq jazolash vaqti emas, degan fikrni olg’a suradi va diplomatiyaga imkon berishga chaqiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG