Isroil 10 yil ichida AQShdan 38 milliard dollar harbiy yordam oladi

  • Amerika Ovozi

Isroilning raketaga qarshi mudofaa tizimi

Isroilning raketaga qarshi mudofaa tizimi

AQSh rasmiylarining aytishicha, AQSh Isroil bilan o'n yillik harbiy yordam bitimini imzolaydi. Bu AQSh tarixidagi eng katta harbiy ko'mak dasturi ekani aytilmoqda.

AQSh Davlat departamenti bitimning imzolanishini tasdiqladi, ammo aniq raqamlarni oshkor qilmadi. Lekin boshqa manbalarning aytishicha, 10 yillik yordam yiliga 3,8 milliard, jami 38 milliard dollarni tashkil etadi.

Amaldagi 10 yillik yordam 2018-yilda tugashi kerak. Uning jami qiymati 31 milliard dollarga teng. Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu yangi yordam doirasida yiliga 4,5 milliard dollar berilishini so'ragan edi.

Yangi bitimga ko'ra, Isroil berilgan mablag'ni mahalliy harbiy qurollar ishlab chiqarishga sarflay olmaydi, aksincha, bu pul bilan AQSh qurollarini sotib olishi kerak. Shuningdek, yahudiy davlati Kongressdan bundan ortiq qo'shimcha yordam so'ramasligi kerak.

Isroilning bosh muzokarachisi Jeykob Nagel ayni paytda Vashingtonda ekani aytilmoqda. U bitimga AQSh Davlat kotibi o'rinbosari Tomas Shannon bilan birgalikda imzo chekadi.

Yangi bitim ustida kelishuvga erishish uzoq vaqt oldi. Respublikachi senator Bob Grem Isroilga ko'proq yordam berilishini talab qilgan. Obama ma'muriyati esa bunga qarshi chiqdi.

"Vashington Post" gazetasining yozishicha, kelishmovchilik, asosan, Isroilning raketaga qarshi mudofaa tizimi atrofida bo'lgan.

Obama ma'muriyati Isroilning mudofaa tizimi xarajatlari bir yilda 500 million dollardan oshmasligini va bu mablag' umumiy yordamdan olinishini so'ragan. Senator Grem esa Isroilning avvalgidek mudofaa tizimi uchun alohida yordam olishi tarafdori bo'lgan.

AQSh qonunchilari so'nggi yillarda Isroilning raketaga qarshi mudofaasi uchun 600 million dollargacha alohida yordam ajratgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG