AQSh byudjetsiz, xorijga harbiy yordam uzilgan

  • Amerika Ovozi

Qo’shma Shtatlar byudjetsiz ekan, xorijga harbiy yordam uzilib qolgan. Xalqaro jangovar mashqlar va tinchlikparvar amaliyotlar uchun ham pul yo’q, deydi Davlat departamenti so’zlovchisi muovini Mari Xarf.

“Hukumat qisman yopiq, Davlat departamenti Isroil va boshqa ittifoqchi davlatlarga harbiy madad berolmayapti”, - deydi u.

Isroil - AQShdan eng ko’p jangovar madad oluvchi davlat. Bu yurtni qo’llab-quvvatlash Kongressda ham demokrat, ham respublikachilar uchun nozik masala. Aksariyat respublikachilar Barak Obamani prezidentlikning birinchi muhlatida Isroilga bormagani uchun, Eronga qarshi qattiq turmagani uchun tanqid qiladi. Isroil Tehronni asosiy tahdidlardan biri deb biladi.

Mari Xarfning aytishicha, hukumat ishga chiqmagan har bir kun hisobda.

“Davlat ishi to’xtab qolgan bir sharoitda xorijdagi manfaatlarni boy berayapmiz. Ustuvor masalalar yechimsiz qolayapti”, - deydi u.

Davlat departamentiga ko’ra, 2011-yilda Qo’shma Shtatlar 80 dan ziyod mamlakatga 5,5 milliard dollar harbiy ko’mak bergan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG