Yaqin Sharq tinchlik muzokaralariga start berildi, endi chekinish yo’q


Isroil va Falastin o’rtasida so’nggi ikki yilda birinchi bor yuzma-yuz muzokaralar boshlandi. Qo’shma Shtatlar, Iordaniya va Misr yordamida, muzokaraga mezbonlik qilmoqda.

Davlat kotibasi Xillari Klinton fikricha Isroil va Falastin ko’p yillik mojaroga nuqta qo’ya oladi. Tinchlikka erishish ular qo’lida. Obama ma’muriyati kelasi bir yil ichida kelishuv imzolanadi degan umidda.

Amerika bu yo’lda tomonlarga qo’ldan kelgan barcha yordamni beradi, deydi Klinton, biroq ishni yakuniga yetkazish Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu va Falastin prezidenti Mahmud Abbos zimmasida.

“Qo’shma Shtatlar bu jarayonda faol qatnashishga, ishonchli va xolis vositachi bo’lishga va’da beradi. Yaqin Sharqda tinchlik qaror topishidan biz manfaatdormiz, lekin adovatni tugatish o’z qo’lingizda. Amerika sizni yarashing deb majburlay olmaydi”, - dedi Xillari Klinton Isroil va Falastin rahbarlariga qarata.

Maqsad mustaqil Falastin davlatini yaratish va Isroil xavfsizligini ta’minlash ekan, bunga erishish murakkab jarayon bo’lishi hammaga ayon.

“Tinchlikka tish-tirnog’i bilan qarshi turgan kuchlar jarayonni izdan chiqarishga harakat qilishi turgan gap. Lekin endi chekinish yo’q”, - deydi Klinton.

Vashingtonda muloqot boshlanay deb turganda, Iordan daryosining g’arbiy sohilida Xamas jangarilari Isroilning to’rt fuqarosini o’ldirgan. AQSh va Yevropada terrorchi deb belgilangan guruh yahudiy davlati bilan har qanday muzokaraga qarshi va hujumlarni davom ettirishga ahd qilgan.

“Voqea Isroil xalqi tinch hayotga, xavfsizlikka qanchalik zor ekanini ko’rsatib turibdi. Yahudiy davlati uchun xavfsizlik tinchlik poydevori”, - deya ta’kidlaydi Bosh vazir Benyamin Netanyahu.

Muzokaraning yangi davrasi shu oy so’nggida birinchi sinovdan o’tadi. 26 sentyabr kuni Iordan daryosining g’arbiy sohilida yahudiylar uchun uy-joy qurishga qo’yilgan taqiq muddati tugaydi. Qurilish davom etsa, falastinliklar muzokarani tark etishi mumkin.

Prezident Mahmud Abbos Davlat departamentida o’tgan marosimda bu haqda ochiq bayon qildi. “Isroil hukumatidan qurilish loyihalarini bas qilishni hamda G’azo qamalini bekor qilishni so’raymiz”.

Isroilning talablari esa xavfsizlik, davomiy tinchlik va suverenitet. Falastinliklar yahudiy davlatchiligini tan olsa, biz ham Falastinning bo’lajak davlatini tan olishga rozimiz, dedi Netanyaxu.

Yangi muzokaralar uzoq va mashaqqatli diplomatik sa’y-harakatlar mahsulidir. Barak Obama saylanganidan beri tomonlarni yuzma-yuz uchrashtirishga harakat qilib kelgan.

AQS rahbari ko’p yillik adovat, ishonchsizlik va shubha-gumonlarni bir kunda yengib bo’lmasligini eslatmoqda.

Tinchlikka to’siq bo’lib turgan asosiy masalalar – Quddus maqomi, chegara va falastintik qochqinlar taqdiri ochiqligicha qolmoqda. Ammo tomonlar bir-biridan yon berishni kutib o’tiraversa, muammo yechilmaydi, deydi vositachilar.

XS
SM
MD
LG