Ziddiyatlarga qaramay AQSh-Isroil aloqalari mustahkam

  • Amerika Ovozi

Isroil va Obama ma’muriyati Yaqin Sharq tinchlik jarayoni bo’yicha til topishishga qiynalmoqda, ammo ikki davlat rasmiylari “rishtalarimiz mustahkam” deya ta’kidlamoqda.

AQSh buning isboti tariqasida yahudiy davlatiga yordamni oshirish payida. Ammo Vashington Isroil-Falastin tinchlik muzokaralari to’xtab qolganidan norozi. Bunga ko’p jihatdan yahudiy hukumatining bemurosa siyosati sabab deb ko’rilyapti.

Isroil harbiylari yaqinda raketalarni urib tushirishga qodir sistemani muvaffaqiyatli sinovdan o’tkazdi. “Temir Gumbaz” dasturi Isroil shahar va qishloqlarini Livan hamda G’azo sektoridan otilgan raketalardan himoya qilishi ko’zlangan.

Yaqin Sharqdagi ittifoqchisini bu ishda qo’llab-quvvatlash maqsadida Obama ma’muriyati Kongressdan 200 million dollar mablag’ ajratishni so’ramoqda.

Bu aloqalar hamon kuchli ekaniga yana bir misol, deydi Endryu Shapiro, AQSh Davlat kotibi muovini.

“Hizbulloh guruhi Isroil shimolida turli masofaga ucha oladigan o’n minglab raketa jamlayotgani ma’lum. Xamas hukmron G’azoda ham shu gap. Bular Isroil xavfsizligiga jiddiy xavf soladi”,- deydi diplomat.

“Temir Gumbaz” dasturi AQSh yordamida ishga tushsa, Hizbulloh va Xamasdan kelayotgan tahdidni bartaraf etadi. Islomiy guruhlarning Isroilga hujumlari xavfsizlik tizimidagi zaiflikni fosh etgan.

Isroil, shuningdek, uzoq masofali raketa hujumlaridan o’zini himoya qilish uchun AQShdan millionlab dollar ko’mak oladi. Eronning “Shahob-3” tizimi ham AQSh va Isroil nazarida yirik tahdid.

Prezident Barak Obama Isroilni ishonchli hamkor deb biladi.

“Isroil xavfsizligi Amerika xavfsizsligi degani. Strategik manfaatlarimiz mushtarak. Har ikki davlat demokratiya va erkinlik nima ekanini yaxshi biladi”,- deydi Obama.

AQSh va Isroil tez-tez qo’shma harbiy mashqlar o’tkazib turadi. O’tgan yilgisida mingdan ziyod amerikalik zobit qatnashgan.

Bu yili esa Kongress Isroil xavfsizligini mustahkamlash uchun so’ralgan 2,7 milliard dollar mablag’ni to’laligicha tasdiqladi. Kelasi yilga yana 3 milliard dollar so’ralmoqda.

Yordamni oshirib borishdan bir maqsad shuki, Isroil davlati o’zini xavfsiz his qilsa, falastinliklar bilan muzokaraga ham moyil bo’ladi deya tushuntiradi AQSh diplomatlari.

“Ishonamizki, “Temir Gumbaz” kabi harbiy dasturlar Isroil e’tiborini tinchlik muloqotiga qaratadi”,- deydi Endryu Shapiro. “Yurt tinch bo’lsa, murosaga ham o’rin topiladi degan fikrdamiz”,- deydi rasmiy.

Sharqshunos olimlarning qayd etishicha, Obama ma’muriyati Isroilga berilayotgan yordamni mintaqa tinchligi uchun sarmoya sifatida ko’rayotgani tabiiy. Biroq Isroil siyosiy va harbiy doiralarida qarash sal boshqacha – Eron bugun yahudiy davlatining asosiy dushmani.

Islomiy respublika yadro dasturi bo’yicha ma’lumotlarni oshkor etmayotgani uchun yaqinda to’rtinchi bor sanksiya bilan jazolandi.

Martin Indik, tashqi siyosat bo’yicha mutaxassis, bir paytlar Isroilda AQSh elchisi bo’lgan. Uning fikricha, Yaqin Sharq tinchligi Eronni jilovlash yo’lida katta qadam bo’lardi.

“Hammaga ma’lumki, Eron arab-yahudiy mojarosidan foydalanib, mintaqada o’z ta’sirini oshiryapti. Isroil va falastintinliklar bir-biriga qo’l uzatib, buni to’xtatishi mumkin”,- deydi Indik.

AQShning yangi ma’muriyati xalqaro masalalarda Isroil bilan bir necha bor to’qnashgan. Quddusda yahudiylar uchun yangi uy-joy qurilayotgani ziddiyat negizida yotadi.

Shunga qaramasdan, Isroil-Falastin tinchlik muzokaralari vositachilar orqali davom etyapti. Shu oy boshida Obama va Netanyaxu Oq uyda uchrashib, munosabalatlarni iliqlashtirishga urindi.

"AQSh va Isroil rishtalari mustahkam”,- deydi prezident.

Buni ayniqsa ittifoqchilar o’rtasida harbiy hamkorlik oshayotganida ko’rish mumkin, deydi Davlat departamenti rasmiysi Endryu Shapiro.

“Yaqin Sharqdagi murakkab va xatarli vaziyatdan xabaringiz bor. Amerika ma’muriyati Isroilni o’z holiga tashlab qo’ymaydi. Mintaqa xavfsizligi yahudiy davlati xavfsizligi bilan chambarchas bog’liq”,- deydi diplomat.

AQSh Yaqin Sharqda Isroilni eng ishonchli ittifoqchi deb bilar ekan, kelasi 10 yilda bu davlatga 30 milliard dollarga teng qurol-aslaha berishga ahd qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG