AQSh-Isroil munosabatlari har qachongidan sovuq

  • Amerika Ovozi

Isroilda Benyamin Netanyaxuning bosh vazirlikda qolishi Qo’shma Shtatlar bilan munosabatlarga qanday ta’sir ko’rsatadi?

Eron yadro dasturi atrofidagi bahslarni hal qilishda turlicha yondashuvlar, shuningdek, arab-Isroil tinchlik muzokaralarida biror siljish kuzatilmayotgani AQSh va Isroilni bir-biridan uzoqlashtirgan.

Benyamin Netanyaxuning “Likud” partiyasi parlamentidagi 120 o’rindan 30 tasini qo’lga kiritib, g’alabani nishonlamoqda. U bosh vazirlikda qolayotgani AQSh-Isroil aloqalari uchun nimani anglatadi?

Ma’lumki, Yaqin Sharq tinchlik jarayoni bir necha yildan beri muzlab qolgan. Ikki davlat bu masala yuzasidan tortishib keladi.

Saylov yaqinlashganda Netanyaxu Oq uy e’tirozlariga qaramasdan Vashingtonga keldi va Kongress minbaridan turib Eron bilan ketayotgan xalqaro muzokaralarni qoraladi.

So’rovlarda orqada ekani ayon bo’lgach esa Netanayaxu “men bosh vazir ekanman, Falastin davlati barpo etilmaydi”, deya ochiqchasiga ta’kidladi.

“Falastinga o’zini boshqarishga yo’l berish, Isroil askalarini olib chiqish Isroilni xavf ostiga qo’yadi. Islomiy terrorchilarga aslo yon berish mumkin emas”, - deydi Netanyaxu.

Isroilda xalq ovoz berayotgan kun AQSh o’zining neytral pozitsiyasini bayon qildi.

“Kim g’alaba qilishidan qat’i nazar Yaqin Sharqda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun Isroilning yangi hukumati bilan ishlashga tayyormiz”, - dedi Davlat departamenti so’zlovchisi Jen Psaki.

Yaqin Sharq bo’yicha ekspert Emanuel Ottelengi fikricha, Isroilda yangi rahbarlar kelgan taqdirda ham Amerika bilan aloqalar keskin o’zgarmagan bo’lardi.

“Mavjud ziddiyatlarga asosan chuqur siyosiy kelishmovchiliklar sababchi bo’layapti. Bular Eron, Falastin, Suriya va boshqa mintaqaviy masalalar. Bu tafovutlar yaqin orada yechilmaydi”, - deydi suhbatdosh.

Tahlilchi Neri Zilberga ko’ra, Benyamin Netanyaxuning xorijiy rahbarlar bilan munosabatlari, ish uslubi Vashington uchun boshog’riq.

“Prezident Obama bilan bo’ladimi, Falastin rahbari Mahmud Abbos bilan bo’ladimi, Netanyaxu hech kim bilan yaqin bo’lishga harakat qilmaydi. Shunung uchun orada hech qachon ishonch yo’q”, - deydi Zilber.

“Ammo Obama ma’muriyatidan Yaqin Sharq tinchlik jarayonini jonlantirishga yangi g’ayrat bilan harakat qilishini kutsa bo’ladi. Netanyaxuning so’nggi bayonotlari oqibatida Vashington endi bu masalada o’z takliflari bilan chiqadi. Isroil hukumatiga bu ma’qul kelmasa ham”.

Benyamin Netanyaxu kelasi ikki-uch hafta ichida yangi koalitsion hukumat tuzib, to’rtinchi bor bosh vazirlikka kirishadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG