Kerri: Isroil-Falastin mojarosiga yechim qidirishdan to'xtamaymiz

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri deydiki, Isroil-Falastin mojarosiga chek qo'yib, ularni yonma-yon ahillikda yashaydigan o'lkalar sifatida ko'rish quruq orzu emas.

"J Street" nodavlat tashkiloti huzurida gapirgan Kerri har bir xalq uchun o'z davlatiga ega bo'lish huquqiga ega va bu mojaroga chek qo'yishning yagona yo'li shu, dedi.

"Boshqa tomonni qoralashda davom etib, odamlar hayotini o'zgartirish va bunga zamin hozirlash yo'lida hech narsa qilmaslik - qabul qilib bo'lmaydigan holat", - dedi AQSh davlat kotibi.

Kerri 2013-yil boshida tashqi ishlar vaziri lavozimini egallagach, Isroil va Falastin o'rtasida tinchlik o'rnatishni o'zining asosiy vazifalaridan biri deb e'lon qilgan edi. U har ikki tomon bilan to'qqiz oy muloqot olib bordi, ammo 2014-yilning apreliga kelib, muzokaralar to'xtab qoldi. Bir necha oy o'tib esa G'azo urushi boshlanib, 50 kun davom etdi. Unda 2100 falastinlik halok bo'ldi. Shundan beri Isroil-Falastin aloqalari butunlay to'xtagan.

Tinchlik muloqotini davom ettirish yo'lidagi eng katta to'g'anoqlardan biri - Isroilning Falastin hududida yahudiylar uchun uylar qurishni davom ettirayotgani.

AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden bu qurilishlar to'xtashi kerak deb hisoblaydi. Falastin ma'muriyati ham Isroilga qarshi hujumlarni qoralashi lozim, deydi u.

Oxirgi bir necha yilda Isroil hukumatining qurilishlarni kengaytirgani, arab hududlarini egallab olgani noto'g'ri, deya ta'kidlaydi Kerri.

Bayden o'tgan oy Yaqin Sharqqa borib, Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu va Falastin Prezidenti Mahmud Abbos bilan uchrashdi. Uning aytishicha, yaqin kelajakda biror dadil qadam tashlankishiga umid yo'q.

Kerri kabi Bayden ham Falastin mustaqil davlat bo'lishini va Isroil bilan til topishishini xohlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG