AQSh va Yaponiya talash orollarni birgalikda himoya qiladi

  • Amerika Ovozi

Pentagonning bildirishicha, agar Xitoy hukumati Sharqiy Xitoy dengizidagi talash orollarni harbiy yo’l bilan o’zlashtirmoqchi bo’lsa, AQSh ittifoqchisi Yaponiyaga hujumni qaytarishda ko’maklashadi.

Bu, deydi tahlilchilar, Vashingtondan Pekinga to’g’ridan-to’g’ri ogohlantirish.

Mavzuni muhokama qilish uchun hafta oxirida Yaponiya va AQSh generallari o’rtasida uchrashuv belgilangan.

Yaponiyada Senkaku, Xitoyda Diaoyu deb nomlangan, tabiiy zaxiralarga boy orollar ustida tortishuv so’nggi payt keskinlashayotgani kuzatiladi. AQSh bilan mushtarak mudofaa bitimiga ega Tokio ittifoqchisi yordamiga tayanadi.

Ammo AQSh shu paytgacha bu mojaroga aralashmaslikka harakat qilib kelgan.
So’nggi oylarda Xitoy Yaponiya nazoratidagi orollar yaqiniga tez-tez kemalarini yuborayotgani to’qnashuv xavfini oshirmoqda, deydi tahlilchilar.

“Xitoy razvedkachi patrul kemalarini safarbar etishidan maqsad – orollar sohibi kim ekanini ko’rsatib qo’yish. Shu orqali, Yaponiya da’volarini zaiflashtirishga harakat qilishyapti”, - deydi Mohan Malik, osiyoshunos olim.

Vashington xavotiri shundaki, Yaponiya Xitoyning bu harakatlariga keskin munosabat bildirishi mumkin. Pentagon bayonoti kunchiqar davlatni “biz siz bilanmiz” deb ishontirishga qaratilgan.

Mudofaa masalalari bo’yicha ekspert Jon Blakslend AQSh va Yaponiya birgalikda favqulodda choralar ko’rayotganidan hayron emas.

“Ajablanarli tomoni - ommaviy axborot vositalariga bu haqda ochiq-oydin ma’lum qilishayotgani. Bu Xitoyga signal”, - deydi u.

Rasmiy Pekin AQSh va Yaponiyaning orollar yuzasidan muloqotidan “chuqur tashvishda” ekanini bayon qildi. Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Xong Ley so’zlariga ko’ra, Pekin territorial suverenitetini himoya qilish qarorida qat’iy va hech qanday tashqi bosim bu qarorga ta’sir eta olmaydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG