Breaking News

Yaponiya bosh qomusini yangilab, harbiy hamkorlikka shaylanmoqda


Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe. Tokio, 1-iyul 2014-yil
Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe. Tokio, 1-iyul 2014-yil

AQSh Yaponiyaning “mushtarak mudofaa” bobidagi yangi siyosatini olqishlayapti. Konstitutsiya qayta ko’rib chiqilishi natijasida Yaponiya armiyasi endi turli xil harbiy operatsiyalarda ishtirok eta oladi. Xitoy va Janubiy Koreya bu o’zgarishni tanqid bilan qarshi oldi.

Qo’shma Shtatlar Yaponiya bosh qomusini qayta talqin etishga doir kechgan bahs-munozaralarni yaqindan kuzatib bordi. Agar qaror parlament tomonidan tasdiqlansa, Yaponiya qurolli kuchlari so’nggi qariyb 70 yilda ilk bor ittifoqchilarni himoya etishda ko’maklasha oladi, BMTning tinchlikparvar operatsiyalarida qatnasha oladi.

“AQSh va Yaponiyaning xavfsizlik sohasidagi sherikligi o’ta muhim, - deydi AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Mari Xarf. - Bu hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qadamlarni, muhokamalar oshkora va shaffof o’tganini yuqori baholaymiz”, - deydi u.

AQSh Mudofaa vaziri Chak Xeygl Tokio qarorini mintaqaviy va global tinchlikka hissa qo’shadigan jiddiy qadam, deb atadi.

Ayni paytda davlatlar ikki tomonlama harbiy hamkorlik shartlarini qayta ko’rib chiqmoqda. Maqsad, deydi Xeygl, “harbiylar haqiqiy sherik sifatida yelkama-yelka turishini ta’minlash, muvozanatli va samarali alyans tuzish, regionda tinchlik va xavfsizlikni kuchaytirishdir”.

Ikkinchi Jahon urushidan beri Yaponiyada AQSh boshchiligida tuzilgan va qabul qilingan konstitutsiya amal qiladi. Uning 9-moddasiga binoan urush va tahdidlar, mojarolarni hal etishda kuch ishlatish mutlaqo taqiqlangan. Shuningdek, Yaponiya dengiz va havo kuchlariga ega bo’lolmaydi va jang qilish qudratini oshira olmaydi.

Yaponiya bilan hudud talashayotgan Xitoyga ko’ra, Tokio urushdan keyin o’rnatilgan dunyo tartibini o’zgartirish ilinjida. XX asrda Xitoy barobarida Yaponiyaning mustamlakachi agressiyasidan eng ko’p aziyat chekkan Janubiy Koreya ham o’zgarishlarga qarshi.

Pentagon so’zlovchisi, kontr-admiral Jon Kirbi tashvishga asos yo’q, deya bayonot berdi.

“Yaponiyada taklif etilayotgan bu o’zgarishlar hali ko’p muhokama qilinadi. Bu demokratiya. Parlament masalani ovozga qo’yadi. Qaror Osiyo-Tinch okeani mintaqasida ziddiyatlarni kuchaytiradi, deyishga asos yo’q”, - deydi AQSh Mudofaa vazirligi mulozimi.

Tahlilchi Bred Glosserman fikricha, Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe islohotni yakuniga yetkazadi.

“Tokio pozitsiyasi shundan iboratki, konstitusiyaga kiritilayotgan o’zgarishlar mintaqaviy jarayonlarda faolroq qatnashish, sheriklari bilan konkret sharoitlarda hamkorlik qilish imkonini beradi. Bunday olib qaraganda, Yaponiya siyosatida keskin o’zgarish yuz bermayapti”, - deydi Glosserman.

AQSh yillar davomida Yaponiyani mintaqa tinchligiga kattaroq hissa qo’shishga undab kelgan. Ammo urushdan keyingi bosh qomus, aniqrog’i faqat o’z mudofaasi yo’lida harbiy kuch ishlatish to’g’risidagi band bunga yo’l bermayotgan edi.

Glosserman AQSh yuzlashayotgan yangi tahdidlarni tilga oladi.

“Tan olish lozimki, sheriklarimiz o’z xavfsizligini ta’minlashga kattaroq hissa qo’shishga qodir. AQSh hamkorlikdan chekinayotgani yo’q, albatta, lekin Yaponiya, Koreya, Avstraliya singari davlatlar muayyan tahdidlarga o’zi javob qaytara oladi”, - deydi ekspert.

“AQSh Osiyo-Tinch okeaniga e’tiborni oshirishi negizida ham shu yotadi – ittifoqchilar bilan yaqinroq hamkorlik. Yaponiya bilan yangicha munosabatlar bu strategiya bilan hamohang”, - deya qo’shadi u.

Xitoy davlat matbuotining yozishicha, Yaponiyaning harbiy sohadagi qarorlari xavfli qadam va “Osiyoda xavfsizlik borasidagi xavotirlarni kuchaytiradi”. “The New York Times” gazetasida keltirilgan fikrlarga ko’ra esa Yaponiya bundan buyon Filippin kabi Xitoy bilan hudud talashayotgan davlatlar bilan hamkorlik qilishi osonlashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG