Yaponiya bosh vaziri AQSh safarini boshladi

  • Amerika Ovozi

Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe (o'ngda) Massachusets shtatidagi Garvard universitetida, 27-aprel, 2015-yil.

Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe (o'ngda) Massachusets shtatidagi Garvard universitetida, 27-aprel, 2015-yil.

Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe AQShga safarini Boston shahridan boshladi. To'rt shaharga borishni ko'zlayotgan Yaponiya rahbari Vashingtonda Barak Obama bilan uchrashib, AQSh Kongressining har ikki palatasi oldida nutq so'zlaydi.

Shinzo Abening AQShga tashrifi ikki mamlakat rasmiylari mudofaa bo'yicha hamkorlikni kuchaytirayotgan bir paytga to'g'ri kelmoqda. AQShning Milliy xavfsizlik bo'yicha kengashida Osiyo masalalari bo'yicha bo'limi direktori Ivan Madeyrosning aytishicha, 1997-yildan beri Yaponiya tarixida ilk bor kuzatilayotgan bu o'zgarish harbiy ittifoqchilik aloqalarini mustahkamlab, mintaqada AQSh kuchlariga Yaponiya ko'rsatadigan ko'mak hajmini oshiradi.

Yaponiyaning AQShdagi elchisi Keichiro Sasayega ko'ra, o'tgan yili hukumat Yaponiyaning urushdan keyin qabul qilingan konstitutsiyasi talqinini o'zgartirish bo'yicha qaror qabul qilgan va shu asosda mamlakatning keng miqyosli mudofaa amaliyotlarida ishtirok etishini ta'minlash ko'zda tutilmoqda.

"Kollektiv mudofaa bo'yicha qarashlarimizdagi bu o'zgarish juda katta yangilik. Bu 70 yillik ishonch ortidan yuz bermoqda va AQSh bilan hamkorlikni kuchaytirishning qonuniy asoslarini ishlab chiqamiz", - deydi elchi.

Templ universitetining Osiyo bo'yicha professori Jefri Kingstonning aytishicha, Abening mudofaa bo'yicha yangi tashabbusi Yaponiya xavfsizlik siyosatida ulkan o'zgarish yuz berayotganidan dalolat. Bunga Xitoy xavfining o'sib borayotgani sabab, deydi u.

"1997-yilda Xitoyning mudofaa byudjeti 10 milliard dollar edi. O'tgan yili u 144 milliardni tashkil etdi va bahsli hududlar ustidan ikki mamlakat o'rtasida tortishuv kuchaymoqda. O'sib borayotgan Xitoy xavfi va uning gegemonlikka talpinishiga doir xavotir AQSh va Yaponiyani bir-biriga yanada yaqinlashtirmoqda. Agar Sharqiy Xitoy dengizidagi orollar bo'yicha favqulodda holat yuz bersa, Abe AQShdan yordam masalasida kafolat olmoqchi", - deydi professor.

Ammo xalq orasida yangi siyosatga xayrixohlar ko'p emas, deydi Kingston. So'rovlarda aholining faqat 23 foizi uni yoqlashini aytgan. 68 foiz odam unga qarshi. Kingstonga ko'ra, mudofaa bo'yicha yangi tashabbus amalga oshishi uchun faqat parlamentning ma'qullashi kifoya qilmaydi. Hukumat va aholi o'rtasida ziddiyat bo'lmasligi uchun fuqarolar ham uni qo'llab-quvvatlashi kerak, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG