AQSh yahudiylari arab dunyosidagi g'alayonlarni diqqat bilan kuzatmoqda

  • Amerika Ovozi

Liviyada hukumatga qarshi namoyishlar qonli tus olganiga bir necha kun bo'ldi

Liviyada hukumatga qarshi namoyishlar qonli tus olganiga bir necha kun bo'ldi

Amerika aholisining olti milliondan ziyodi yahudiy bo'lsa, ular Isroil xavfsizligi borasida turlicha fikrda. Ba’zilar arab dunyosi endi demokratiya sari olg’a qadam tashlaydi desa, boshqalar bu jarayonlarni chetdan xavotir bilan kuzatib turibdi.

Ba’zilar nazarida bu xalqlar demokratiyaga intilayotgani ijobiy hol, boshqalar esa qaltis vaziyatdan foydalangan radikal guruhlar hukumat tepasiga kelib, Isroil xavfsizligiga tahdid solishi mumkin deydi.

Yaqinda Vashingtonda yahudiylarning “Jey-Strit” tashkiloti navbatdagi uchrashuvni o'tkazdi. Falastinga xayrixoh bu faollar bugun arab dunyosidagi namoyishlar haqida gaplashib, mustabid tuzumlarni yiqitgan xalqni olqishladi.

Ravin Lin Gotlib Misr ahli yillar davomida ularning qonini ichgan Husni Muborakni hokimyatdan ag’darganida ko’zlarimga yosh keldi, deydi.

Ravin Gotlib o’zini falastinliklar haq-huquqini himoya qiluvchi faol deb ta’riflaydi. O’tgan yili Tahrir maydonida, G’azo ozodligi marshida Misr qurolli kuchlariga duch kelgan.

“Ular hech kimni ayab o’tirmaydi. Shaxsan o’zim guvoh bo’lganman. Lekin misrliklar jasoratiga tan bermay iloj yo’q. O’z jonini garovga qo’yib erkinlik uchun birlasha oldi”,- deydi u.

Yig’inga kelgan yana bir ravin Maykl Lerner yahudiylarning “Tikkun” jurnali bosh muharriri. “Yahudiylar Misr xalqi uchun duoda” nomli maqola yozib, uni al-Jazira arab telekanalining veb sahifasida chop etgan.

"Xuddi Misrda bo’lgani kabi", - deydi Maykl Lerner, "biz yahudiylar ham bir paytlar qulchilikni boshimizdan kechirganmiz. Ular dardiga sherikmiz".

“Misr va boshqa arab davlatlaridagi namoyishchilarni qo’llab-quvvatlaymiz. Global erkinlik tomon katta qadam bu. Butun dunyo yahudiylari, xususan Isroil xavfsizligi uchun ham ijobiy holat deb umid qilaman”,- deydi ravin.

“Jey-Strit” tashkiloti arab-Isroil tinchlik muhokamalarida faol ishtirok etib keladi. Ular kichik bir guruh, hatto Amerika Yahudiy tashkilotilari uyushmasiga ham qabul qilinmagan.

AQShdagi yahudiy tashkilotlari rahbarlari Husni Muborakni Yaqin Sharqda tinchlik qalqoni sifatida ko’rishganini tan oladi.

"Ammo namoyishlar davomida ekstrimistik shiorlar yangramadi, g’arb dunyosi va Isroilga qarshi chaqiriqlarni eshitmadik", - deydi Kennes Bialkin, Amerika-Isroil Do’stlik Ligasi rahbari.

“Voqealar buyog’i qay yo’sinda rivojlanishi katta jumboq. Misr va boshqa arab mamlakatlarida fuqarolar erkinlik, demokratiya va jamiyat rivoji uchun baralla so’zlashni davom etadimi yoki vaziyat xuddi Eronda bo’lgani kabi boshqa tarafga burilib ketadimi”, - deydi u.

Erondagi islomiy tuzum, ma’lumki, Isroilga bo’lgan nafratini ochiq bildirib keladi. Eronda islomiy inqilob yuz bergan 1979 yilda Misr yahudiy davlati bilan tinchlik shartnomasi imzolagan. Bugun aksar yahudiylar tinchlik garovi deb ko’rilgan bu bitim kelajagidan xavotirini yashirmaydi.

Sionist g’oyalarni targ’ib qiluvchi tashkilot rahbari Morton Kleyn deydiki, Misrda Isroil va yahudiylarga nisbatan salbiy kayfiyat kuchli ekani sir emas. Ekstrimistlar hokimiyatga kelishi ham hech gapmas, deydi u.

Misrda muvaqqat hukumatni boshqarayotgan harbiylar Isroil bilan tinchlik shartnomasi buzilmaydi degan.

"Shunga qaramay", -deydi Morton Kleyn, "AQSh Misr hukumatiga yordamni qirqamiz deb ogohlantirib qo’ygani ma’qul".

Isroil esa, uning fikricha, Sinay yarim orolini qayta bosib olish bilan bosim o’tkazishi kerak.

AQShning olti milliondan ziyod yahudiy fuqarolari Isroil xavfsizligi borasida turlicha fikrda. Ba’zilar arab dunyosi endi demokratiya sari olg’a qadam tashlaydi desa, boshqalar bu jarayonlarni chetdan xavotir bilan kuzatib turibdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG