Tadqiqot: AQSh yahudiylari orasida dindorlar kamaymoqda

  • Amerika Ovozi

Vashingtonga o'rnatilgan toqqiz metrli Xanuka shami, 27-noyabr, 2013-yil

Vashingtonga o'rnatilgan toqqiz metrli Xanuka shami, 27-noyabr, 2013-yil

AQShda yahudiylar 27-noyabrdan 5-dekabrgacha Xanuka bayramini nishonladi. Ammo “Pyu” tadqiqot markazi o'tkazgan yangi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, yahudiy yoshlari orasida diniy amaliyot va dinga qiziqish so’nib bormoqda.

Xanuka bayrami davomida Oq uy yoniga to’qqiz metrli an’anaviy sham o’rnatildi. Yahudiylarning ikki diniy peshvosi kran yordamida ko’tarilib, harbiy ansambl chalgan musiqa sadolari ostida shamlarni yoqdi.

Sham atrofiga yig’ilgan bir guruh yahudiylarga AQSh prezidentining bayram tabrigi yetkazildi.

Amerika boshqa ko’plab davlatlarga qaraganda yahudiylar uchun yashash eng qulay bo’lgan mamlakat hisoblanadi. Oq uy oldidagi katta Yangi yil archasi yonida yahudiylik ramzining o’rnatilishi ham shunga bir dalil.

Pyu” tadqiqot markazi o’tkazgan ommaviy so’rovga ko’ra, ortodoks yahudiylar orasida milliy qadriyatlarni saqlab qolish qiyin kechmoqda.

“Yahudiy amerikaliklar qiyofasi” deya atalgan tadqiqotda 1950-yildan beri AQShda bu xalq soni uch foizdan ikki foizga kamaygani aytiladi.

Shuningdek, ular orasida o’z diniga qiziqish pasaygani kuzatiladi. Yoshlarining 32 foizi o’zini biror dinga mansub deb bilmaydi. Aksincha, ular iudaizmni madaniyat, etnik kelib chiqish yoki ajdodlar yo’li sifatida tushunadi.

So’rovga yetakchilik qilgan Alan Kupermanning aytishicha, natijalar yahudiy jamiyati orasida jiddiy tashvish uyg’otgan.

“Tadqiqot natijalari yoshlarning sinagogalarga kamroq borayotgani va Isroilni ota-onalarichalik qo’llab-quvvatlamasligini ko’rsatdi”, - deydi u.

Yahudiylarning 58 foizi o’zga dindagi insonlar bilan turmush quryapti. Bunday nikohlar odamlarda dindorlik darajasining kamaygani bilan bog’liq, deydi Kuperman.

AQShdagi jamiki din vakillari orasida yahudiylarga munosabat ijobiy, deydi tadqiqotchi.

“Hatto ayrim nasoro guruhlari boshqa nasroniylarga qaraganda yahudiylarni o’zlariga yaqinroq oladi”, - deydi u.

Vitse-prezident Jo Bayden yaqinda yahudiylarni Amerika jamiyatiga qo’shgan hissasi uchun olqishladi.

“Haqiqat shuki, yahudiylar merosi, madaniyati, qadriyatlari kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylangan. Shuning uchun yahudiylar merosini Amerika merosi deb ayta olamiz”, - dedi u.

Amerikada Nobel mukofoti laureatlarining har uchinchisi yahudiy millatiga mansub.

Liberal qarashlar ta’sirida ulg’ayib, so’ng an’anaviy yahudiylikka qaytgan Xeydi Lamarning aytishicha, iudaizmning liberal shakllari uzoq yashamaydi, chunki boshqa dindagilar bilan turmush qurish va tug’ilish sur’atining kamligi hisobiga ular yo’qolib ketadi.

Diniy peshvo Marvin Bashga ko’ra esa, o’tkazilgan tadqiqot yanada ko’proq xudojo’y yahudiylarni tarbiyalash zarurligini ko’rsatadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG