AQSh Oliy sudida ishga yollanmagan hijobli ayol shikoyati ko'rib chiqiladi

  • Amerika Ovozi

Samanta Elauf 2008-yil ro'moli borligi uchun "Abercrombie" kompaniyasi uni ishga olishdan bosh tortganini da'vo qilmoqda.

Samanta Elauf 2008-yil ro'moli borligi uchun "Abercrombie" kompaniyasi uni ishga olishdan bosh tortganini da'vo qilmoqda.

AQSh Oliy sudida e'tiqodi bois ro'mol o'ragan musulmon ayolni ishga yollamagan kompaniya masalasi ko'rib chiqilmoqda. Ish beruvchi diniy diskriminatsiyaga yo'l qo'ygan, deyiladi shikoyatda.

Modalar olamini sevuvchi 17 yoshli Samanta Elauf ishga har tomonlama mos edi. Faqat boshida ro'moli borligini hisobga olmaganda.

"Ish uchun o'tgan suhbatda u musulmon bo'lgani uchun ro'molini yechmadi. Diniy e'tiqodi bois "Abercrombie" kompaniyasi uni ishga olmadi", - deydi Diniy erkinlik bo'yicha Beket jamg'armasi xodimi Erik Bekster.

Kompaniya vakillari Elauf e'tiqodi bois emas, balki boshidagi ro'moli ish joyidagi kiyinish qoidalariga mos kelmagani uchun yollanmaganini aytadi.

Elaufni himoya qilib Oliy sudga kelgan faol Zaynab Choudri hijobli qizlar shunday muammolarga yuz tutayotganini aytadi.

"Sizni olishmaganining sababi ro'molmi yoki boshqa narsami, hech qachon bila olmaysiz. Ko'p ish beruvchilar mendan e'tiqodim, kelib chiqishim haqida savollar so'rashgan", - deydi u.

Elauf advokatining aytishicha, agar sud kompaniya foydasiga qaror chiqarsa, barcha ish beruvchilar odamlarni diniga qarab ajratishni boshlashi mumkin.

"Ular o'zlariga yoqmagan yoki kompaniya qiyofasiga nomunosib dinga e'tiqod qiluvchilarni ishga yollamasligi mumkin", - deydi u.

Mavzu bo'yicha Oliy sud qarori may oyida chiqadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG