Jimmi Karter: ayollarga nisbatan tajovuz qabihlikdir

  • Amerika Ovozi

Jimmi Karter - AQShning 1977-1981 yillardagi prezidenti

Jimmi Karter - AQShning 1977-1981 yillardagi prezidenti

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko’ra, dunyo bo’ylab har uch ayoldan biri hayoti davomida kamida bir marta jinsiy yoki jismoniy tajovuzga uchraydi. AQShning sobiq prezidenti Jimmi Karter buni inson huquqlarini poymol etishning eng qo’rqinchli ko’rinishi deb atadi.

“Amerika Ovozi” bilan intervyuda hamda o’zining “Da’vat” (A Call to Action) nomli yangi kitobida Karter muammoning ham dunyo miqyosida, ham AQShda jiddiy tus olgani haqida so’z yuritadi.
Elizabet Pauli ayollar xor, yer qilingan voqealarni har kuni eshitadi. Uning Chikagoda asoslangan nodavlat tashkiloti muammo bilan olishmoqda.

Har xil davlatlarda ayollarga yordam qo’lini cho’zadi.

“Gaitida ko’chada oddiygina chiroq yo’q ekani bois xotin-qizlar uyidan chiqolmay qolgan. Qorong’ida chodirdan chiqib, oilasiga suv olib kelishga yuragi betlamaydi. Gaitida yer qimirlashi ketidan ayollarni jinsiy zo’rlash va tahqirlash hollari keskin oshganiga guvoh bo’ldik,” - deydi Pauli.

“Iroqda har yili o’nlab ayollar o’ziga o’t qo’yadi. Joniga qasd qilishdan boshqa yo’li qolmaydi ularning. Chunki zo’rlangan xotin-qizlar oila sha’niga dog’ tushirgan sanaladi va o’limga loyiq sanaladi,” - deydi yana u.

Jimmi Karter esa eng qo’rqinchli muammo – ota-onalar qiz farzandlarni o’ldirayotganidir, deydi. "Qorindagi chaqaloq qiz ekani aniqlansa, abort qilishayotgani dahshat”.

Sobiq prezident ayollarga tajovuz haqida o’zi boshqaradigan Karter markazidan bildi. Atlanta shahridagi tashkilot o’tgan yili huquq mavzuida katta anjuman o’tkazdi va ayollar huquqlariga urg’u berdi.

"79 mamlakat bilan ishlaymiz. Men u yerlarga safar qilganimda qizlarga munosabat naqadar dahshatli ekanini ko’rdim. Muammo ko’lamini biz hatto tasavvur qilolmaymiz”, – deydi u.

Jimmi Karter shu tariqa navbatdagi, 28-kitobi uchun mavzu tanladi. Kitobda tajovuz mohiyati, tabiati va sabablari o’rganiladi. Muammo Qo’shma Shtatlarga ham begona emas, deydi sobiq prezident.

“Amerikada ayollarning jinsiy tajovuzga uchrashi ehtimoli eng katta bo’lgan joylar – universitetlar, yotoqxonalar. U yerda har to’rt ayoldan biri o’qish davrida jinsiy tajovuzga uchraydi. Bor-yo’g’i to’rt foizi, ya’ni har 25 qizdan bittasi zo’rlanish haqida politsiyaga ma’lumot beradi”.

"Ayollarga nisbatan zo’ravonlik chegara bilmaydi. Nafaqat xorij, balki vatanda ham muammo,” - deydi Elizabet Pauli.

Karter ayollarga nisbatan zo’ravonliklarga qarshi kurashda hamkor, deydi u. Sobiq prezidentning fikri juda muhim. Muammoni faqat ayollar muhokama qilsa, uni hal etib bo’lmaydi, - deydi u.

“Erkaklar ham qo’shilishi kerak. Karterning ovozi bu kurashda baralla yangrayotgani katta ahamiyatga ega”.

Xorin-qizlarga nisbatan tajovuzlar sonini kamaytirishning eng samarali yo’li, bu faol nazarida, o’g’il bolalarni to'g'ri tarbiyalash.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG