Ishsizlik balosi Obamani prezidentlikdan ayirishi mumkin

  • Amerika Ovozi

O’tgan oy Amerikada 69 ming mehnat o’rni yaratilgan, xolos. Aholining 8 foizdan oshig’i ishsiz. O’tgan bir necha oy ichida vaziyat bir oz yaxshilangan edi. Hukumat nazarida muammo global iqtisod oqsayotganida, xususan, Yevropa Ittifoqidagi tanglikda.

Qo’shma Shtatlar bo’ylab iqtisod ancha oyoqqa turgan.

Shu bois o’tgan oy kutilganidek 150 ming emas, atigi 69 ming mehnat o’rni ochilgani ko’pchilikni hayron qoldirdi.

Mitt Romni, prezidentlikka respublikachi nomzod

Mitt Romni, prezidentlikka respublikachi nomzod

Aksiya bozorida savdo sustlashdi. Voll-stritdagi yirik birjalarda biznes sekinlashgan, qimmatbaho qog’ozlar bahosi pasaygan. Bozor bir kun yaxshi, bir kun yomon.

Bunday beqarorlikning asosiy sababi, deydi tahlilchilar, Osiyo mamlakatlarida bu yilgi iqtisodiy o’sish sustlashgani. Buning ustiga Yevropa Ittifoqida moliyaviy vaziyat hamon tang.

Nyu-Yorkdan yetakchi ekspert Sem Stovall deydiki:

Nyu-York birjalarida

Nyu-York birjalarida

“Yevropada iqtisod chatoq. Xitoyda ham iqtisodiy ko’rsatkichlar ancha tushib ketdi. Bu albatta bizga o’z salbiy ta’sirini ko’rsatadi. Ko’zga ko’rinmas muammolar ko’p. Kompaniyalar odam yollashga qo’rqib turibdi, chunki mahsulotga talab past”.

Ishsizlik darajasi pasaymayotgani saylov kampaniyasidagi asosiy mavzu.

Prezidentlikka respublikachi nomzod Mitt Romni Barak Obama rahbarlikni eplay olmayapti, deydi.

“Men butun kuchimni mehnat o’rinlari yaratishga sarflagan bo’lardim”,- deydi u.

Obama qayta saylanishi yo’lidagi eng katta to’siq, deydi tahlilchilar, iqtisod sekin o’sayotgani.

Saylovchilar oldida gapirganida, prezident xalqdan sabr-toqat so’ramoqda. Iqtisodiy inqiroz oqibatlarini bir zumda yenga olmaymiz, deydi u.

Dollarning qadri past

Dollarning qadri past

“Iqtisodiyotimiz ildamlamoqda, lekin biz xohlagan sur’atda emas. O’tgan ikki yilda 4,3 million ish o’rni ochildi. Bu yomon ko’rsatkich emas. Biznes yaxshilanishi va yanada ko’plab imkoniyatlar ochilishi uchun yana ozgina vaqt kerak. Harakat qilayapmiz”,- deydi Obama.

Prezidentning bu gaplari ko’plab amerikaliklarni g’azabga keltirmoqda. Yillab, oylab ishsiz yurganlar bugungi siyosatdan norozi.

2008-yilda boshlangan inqiroz asoratlari har yerda namoyon. Ayrim bizneslar ancha oyoqqa turib olgan, lekin bo’shatib yuborgan odamlarni qayta yollamoqchi emas. Aksincha, qisqartirishlar davom etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG