AQSh generali: Iroq armiyasi "Islomiy davlat"ga qarshi hujumga tayyorlanmoqda

  • Amerika Ovozi

Iste'fodagi AQSh generali Jon Allen

Iste'fodagi AQSh generali Jon Allen

Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, AQSh yetakchiligidagi koalitsiya "Islomiy davlat" guruhini zaiflashtirishda davom etmoqda. Obamaning koalitsiyadagi maxsus vakili, iste'fodagi general Jon Allenga ko'ra, yaqin haftalarda iroqliklar jangarilarga qarshi hujumlarni boshlaydi.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri iordaniyalik uchuvchining qatl etilishi ortidan xalqaro koalitsiyaning jangarilarni yo'q qilish ahdi yanada kuchayganini aytadi.

"Arab dunyosidagi hamkorlarimiz o'z ahd va qat'iyatlarini yana bir bor namoyish etdi. Jangarilar egallab turgan aholi yashovchi hududlarning 22 foizi ozod qilindi. Bunga katta hujumlarni amalga oshirmasdan erishildi. Qayta tayyorgarlikdan o'tayotgan Iroq armiyasining sa'y-harakatlari bu", - dedi AQSh rasmiysi.

Kerri, ayni paytda, guruhga qarshi kurash uzoq vaqt olishini ta'kidlaydi. Unga ko'ra, Iroq armiyasi hali olg'a hujum qilishga tayyor emas va jiddiy tayyorgarliksiz bunga qo'l urish strategik jihatdan xato qaror bo'ladi.

AQShning iste'fodagi generali Jon Allen iroqliklar yaqin haftalarda "Islomiy davlat" egallab turgan hududlarga hujum boshlash uchun tayyorgarlikdan o'tayotganini ma'lum qildi. Koalitsiya kuchlari yordami bilan Iroq armiyasi Mosul to'g'onini qaytarib oldi; shuningdek, Mosulga ta'minot yetkazib beruvchi muhim yo'llar va Suriyaga olib o'tuvchi Robia chegarasi to'silgan, deydi u.

"Hozirgi payt koalitsiya ichidagi arab hamkorlarimiz uchun juda muhim palla. Ittifoqchilarimiz orasida birlikni kuchaytirishga xizmat qiluvchi muhim vaziyat bu", - deydi harbiy.

Ammo "Islomiy davlat"ni "al-Qoida" bilan solishtirib bo'lmaydi, deydi Allen. Unga ko'ra, jangarilarning bu guruhi yaxshiroq uyushgan hamda kuchli boshqaruv tizimiga ega.

Iordaniyaning matbuot vaziri Muhammad Momaniyning aytishicha, koalitsiya hozircha Iroq va Suriyaga askarlar kiritish haqida gaplashmayapti.

"Shunga qaramay, bu urush ekanini unutmaylik. Janobi oliylari qirol hatto bir o'rinda uni III Jahon urushiga tenglashtirdi. Shuning uchun, vaziyat taqozo qilsa, askar kiritish masalasini ham ko'taramiz. Ammo hozir hech kim bu haqda gapirmayapti", - deydi u.

Iordaniya rasmiysiga ko'ra, o'tgan uch kundagi havo hujumlari oqibatida "Islomiy davlat"ga qarashli inshootlarning 20 foizi vayron qilingan. Uning ta'kidlashicha, odamlar hozir terrorizm va ekstremizmni yo'q qilish lozimligiga har doimgidan ham ko'proq ishonmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG