AQShlik jurnalist Eronni sudga berdi

  • Amerika Ovozi

Jeyson Rizoyan (o'ngda) rafiqasi Yagona Solihiy bilan, 28-yanvar, 2016-yil.

Jeyson Rizoyan (o'ngda) rafiqasi Yagona Solihiy bilan, 28-yanvar, 2016-yil.

Eronda 18 oy qamoqda saqlangan AQShlik jurnalist Eron hukumatini sudga berdi. "Vashington Post" gazetasi muxbiri Jeyson Rizoyan da'vosiga ko'ra, Tehron AQSh hukumatidan narsa undirish maqsadida uni garovga olgan va qiynoqqa tutgan.

Eron rasmiylari Rizoyanga va uning ikki oydan ziyod hibsda ushlab turilgan xotiniga AQSh bilan mahbuslarni almashishda ulardan ta'sir quroli sifatida foydalanishlarini bot-bot ta'kidlagan.

Rizoyan shu yil yanvarda ozod qilingan to'rt amerikalikning biri. Ular Eron va xalqaro hamjamiyat o'rtasida yadro dasturi yuzasidan bitimga imzo chekilishi arafasida erkinlikka chiqarilgan. Ayni paytda Vashington 7 nafar eronlikka amnistiya e'lon qilgan va yana 14 tasiga qarshi qo'yilgan ayblovlarni bekor qilgan.

Rizoyan da'vosini poytaxt Vashingtondagi sudga topshirdi. U "shafqatsizlik, qiynoq va zug'umlar" uchun Erondan noma'lum miqdorda tovon puli talab qilmoqda.

Jurnalist da'voni "Tashqi suverenitet daxlsizligi" qonuni asosida qo'zg'agan. Qonun, odatda, amerikaliklarga chet davlat hukumatlari ustidan AQSh sudlariga shikoyat qilishni taqiqlaydi, ammo terrorizm homiysi sifatida tamg'alangan davlatlar bundan mustasno.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG