Afg'oniston tarixining Hamid Karzay davri degan qismi yakuniga yetmoqda

  • Amerika Ovozi

Hamid Karzay, Kobul, 15-may, 2014

Hamid Karzay, Kobul, 15-may, 2014

12 yillik prezidentlikdan so’ng Hamid Karzay Afg’onistonda rahbarlikni yangi odamga topshirish arafasida.

Tolibon hokimiyatdan ag’darilganidan beri bu mamlakatda ancha yutuqlarga erishildi. Afg’onistonning katta qismi nisbatan tinch va osoyishta.

Lekin Tolibon tahdid va hujumlarni to’xtatmagan. Kobul, shimoliy viloyatlar va janubda xurujlar tinmaydi. Karzay tarqoq jamiyatni birlashtira olmaganlikda tanqid qilinadi. U boshliq hukumat Afg’onistonni nazorat qila olmadi, deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan tahlilchilar.

Hamid Karzay – Afg’onistonning demokratik ravishda saylangan birinchi prezidenti.

2000-yillar boshida, G’arb nazarida, u qahramon afg’on edi.

Qabilaviy qo’mondonlar va fundamentalist ulamolardan tubdan farq qiladi, dunyoviy qarashga ega, erkinlik tarafdori, deya maqtashar edi uni.

Amerikalik olima Kristin Feyer Karzay siyosiy faoliyatini uzoq yillardan beri kuzatib keladi.

“U hech kim eplay olmagan ishni qildi. Muammolar ummonida yashaydigan, tartibsiz bir muhitda demokratik tuzumga asos solindi”.

Karzay bu murakkab jarayonga, qiynalib bo’lsa-da, bardosh bera oldi, deydi Feyer.

Ikki marta saylandi, har ikkisida ham saylovlarda ko’p xatolarga yo’l qo’yildi. Biroq Karzay g’olib deb topildi.

Tolibonga qarshi urushda eng ko’p o’lganlar bu oddiy fuqarolar. Mana shu fakt uning prezidentligiga soya soldi, deydi sharhlovchilar.

Karzayga G’arbdagi munosabat o’zgarib bordi. Unga ishonch pasaydi. Gapida turmaydigan, qaysar siyosatchi degan tamg’a qo’yildi.

Karzay Amerika xalqiga muhabbati cheksiz ekanini aytadi, lekin hukumatidan norozi.

“Shikoyatim bisyor. Ba’zida juda g’azabga to’laman, Amerika hukumatiga nisbatan. Afg’oniston xalqi va uning manfaatlariga qarshi ko’p ishlar qilishdi”.

Karzay, oddiy qilib aytganda, AQShning 2008-yilda saylangan prezidenti Barak Obama bilan til topisha olmadi. Oxirgi besh yil nizo va kelishmovchiliklar davri bo’ldi. Obamaning asosiy maqsadi AQSh qo’shinlarini olib chiqish va urushga nuqta qo’yish edi. Karzay boshida bunga qarshi chiqdi. Keyinroq shartlar qo’ya boshladi. So’ngra esa Amerika bilan har qanday kelishuvdan bosh tortdi. Oq uyda unga ishonch tamoman yemirildi, deydi ekspertlar, Obama ma’muriyati yangi prezidentni kutmoqda.

“2014-yil oxiriga borib, Afg’onistonda tinchlikni ta’minlash butkul bu davlat qurolli kuchlari zimmasiga o’tadi. Biz harbiy harakatlarni tugatamiz va chiqamiz”.

Yangi prezident ko’nsa va xavfsizlik bitimini imzolasa, Amerika 10 mingga yaqin askar qoldiradi.

Tahlilchi Grem Smit nazarida Afg’oniston yana jar yoqasiga ketmoqda.

“Davlat juda zaif. Afg’on xavfsizlik kuchlari hali yaxshi oyoqqa turmagan. Jangarilarga boy berishi mumkin. Biror bir jihatdan mustahkam mamlakat emas hali”.

Hamid Karzay nafaqat AQSh balki qo’shni Pokiston bilan ham kelisha olmadi.

Islomobod, uning aytishicha, Tolibonni har ikki mamlakatda zimdan quvvatlab keladi, jangarilarni bag’riga olgan.

Pokistondan ekspert Imtiyoz Gul tahlilicha:

“Prezident Karzay Islomobod bilan doimiy tortishuvda. Gaplari hech qachon bir joydan chiqmaydi. Yangi prezident kelsa, aloqalarni boshidan boshlashga to’g’ri keladi”.

Iqtisodiy jihatdan Afg’onistonda ancha siljishlar bo’ldi. Ishsizlik hamon keng tarqalgan, lekin sanoa va ishlab chiqarish, texnologiya, bozor va kommunikatsiya jonlandi. Tadbirkorlik va xususiy biznes kengaydi.

O’rtacha umr Afg’onistonda 20 yilga uzaydi.

Millionlab ayollar bugun ilmli va ishli. Bolalar maktabda, yoshlar kollej va universitetlarda. 30 yil tinimsiz urushda yashagan xalq uchun bu yuksak yutuq.

Ammo, deydi olima Kristin Feyer, bu yurtda korrupsiya haddan tashqari chuqur ildiz otib ketgan.

“Hamid Karzayga mana shu yulg’ich va xasis tuzum boshchisi deb qarashadi. G’arbda, xususan Amerikada uni xalqaro koalitsiyani suiiste’mol qilayotgan, Amerika ajratgan mablag’ni yemirayotgan, o’zlashtirgan va urush qurbonlaridan o’z manfaati yo'lida foydalangan shaxs deb ko’rishadi”,- deydi Feyer.

Gap Karzaydan keyin nima bo’lishida, deydi bu sharhlovchilar. Agar Afg’oniston yo’lini topib ketsa, tarix uning birinchi demokratik ravishda saylangan prezidentini hurmat bilan tilga oladi. Aks holda, na xalq va na dunyo Karzayni qahramon deb atashi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG