Breaking News

Afg’onistonda yangi parlament ish boshladi


Afg’onistonda yangi parlament ish boshladi
Afg’onistonda yangi parlament ish boshladi

Prezident Hamid Karzay parlamentning inauguratsiya marosimida so’zlab, xalqaro hamjamiyatni bu davlat ichki ishlariga aralashayotganlikda tanqid qilgan.

“Xorijiy davlatlarning bizning siyosatga burun suqishi jiddiy muammoga aylanyapti”, - deydi afg’on rahbari.

AQSh va Birlashgan Millatlar Tashkiloti yangi afg’on parlameni vanihoyat ish boshlaganini olqishlayapti. Hamid Karzay qonunchilarni mamlakat ravnaqi yo’lida birdam bo’lishga chaqirgan.

Tolibon bayonotida aytilishicha, Afg’oniston hayotida muhim bir o’zgarish bo’layotgani yo’q. “Parlament baribir AQSh qo’li ostidagi qo’g’irchoq hukumatning bir qismi”, - deydi jangarilar.

Hamid Karzay uning mamlakati 2014 yilga borib o’z xavfsizligini o’zi ta’minlay olishiga ishonch bildirmoqda. Amerika askarlari shu yilning yozidan uyga qayta boshlaydi.

Prezident Barak Obama kuni-kecha xalqqa murojaatida “Afg’oniston va Pokistonda al-Qoida kuchli zarba yeganini aytib, uni va unga hamkor guruhlarni yer tishlatmaguncha to’xtamaymiz”,- dedi.

Lekin Vashington nazarida Pokiston terroristlarga qarshi yetarlicha chora ko’rmayapti.

“Buni rasmiy Islomobodga qayta-qayta eslatib turibmiz”, - deydi vitse-prezident Jo Bayden. “Muammo shundaki dushman deganda AQSh va Pokiston har xil narsani tushunadi”.

Bu mamlakat razvedkasi Tolibon bilan yaqin aloqada ekani ko’pdan beri ma’lum.

Bugun Oq uyda Barak Obama maslahatchilari bilan mintaqadagi vaziyat va AQSh strategiyasini muhokama qilyapti.

Bu orada, Afg'oniston va Pokiston hukumatlari tinchlik uchun birgalikda harakat qilishga kelishib olgan. Qo'shma komissiya tuzish haqidagi kelishuvni Islomobodda ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari imzoladi.

"Aloqalarda yangi sahifa ochishga, terrorizmni ildizi bilan yo'q qilishga bel bog'laganmiz", - deydi Zalmay Rasul, afg'on vaziri.

XS
SM
MD
LG