AQSh Karzayga bosimni oshirmoqda

  • Amerika Ovozi

Oq uy, 11-yanvar, 2013

Oq uy, 11-yanvar, 2013

Qo’shma Shtatlar Afg’oniston prezidenti Hamid Karzaydan ikki davlat o’rtasida xavfsizlik bitimini imzolashni so’rab, unga bosimni kuchaytirmoqda. AQSh mamlakatda sakkiz ming askarini qoldirmoqchi. Qolganlari esa shu yil oxirigacha Afg’onistonni tark etadi, jumladan xalqaro koalitsiyaning minglab qo’shinlari. Ammo Karzay o’jarlik qilishda davom etsa, birorta askarimizni qoldirmaymiz, deydi Pentagon rahbarlari.

AQSh qo’shinlari Iroqni 2011-yilda tark etganidan beri mamlakatda jangarilar faollashib, xurujlar kuchaygan. Bir necha kun oldin esa Anbar viloyatidagi ikki shahar al-Qoida nazoratiga o’tgan. Amerika rasmiylari bu holatning Afg’onistonda takrorlanishini istamaymiz, deydi.

Afg’on kuchlariga Tolibon va boshqa ekstremistik guruhlarga qarshi kurashda yordam berib kelayotgan xalqaro qo’shinlar yana 11 oydan so’ng missiyasini yakunlaydi.
Oq uy matbuot kotibi Jey Karni Hamid Karzayni AQShning bir necha ming qo’shiniga 2014-yildan keyin ham qolishga imkon beruvchi bitimni darhol imzolashga chaqiradi.

"Agar hujjat imzolanmasa, 2014-yildan keyin Afg’onistonda Amerika yoki NATO ning birorta askari qolmaydi", - dedi Karni.

Karzay aprel oyida bo’ladigan saylovlargacha kutib, masala ijrosini yangi prezidentga qoldirmoqchi. AQSh esa ungacha kutishga vaqtimiz yo’q, deydi.

Amerika rasmiylarining aytishicha, masala uzoq surilgani sari AQSh va NATO uchun qo’shinlarini Afg’onistonda qoldirishga tayyorgarlik uchun shuncha kam vaqt va imkoniyat qoladi. Kelasi oy NATO ga a’zo davlatlar mudofaa vazirlari majlis qilib, 2014-yildan keyingi rejalarni muhokama qiladi.

"AQSh mudofaa vaziri Chak Xeygelning aytishicha, bu oson ish emas. Xavfsizlik kuchlari tayyorgarligi, harbiy maslahat, terrorga qarshi kurash, byudjet, Kongress fotihasini olish – bularning barchasini rejalash qiyin va uzoq vaqt talab qiladigan jarayondir", - deydi Xeygel.

Unga ko’ra, Afg’onistonda AQShning tonna-tonna harbiy texnikasi va minglab askarlarini qisqa vaqt ichida olib chiqish ham oson bo’lmaydi, biroq buning uchun aniq muhlat belgilanmagan.

Tahlilchilarning aytishicha, Karzay AQSh qo’shinlarini olib chiqishiga ishonmaydi. U xavfli o’yin o’ynamoqda, deydi ular, chunki Amerika puli va harbiy yordamisiz afg’on kuchlari jangarilarga bas kela olmasligi mumkin.

Kuzatuvchilar Obama va Karzay o’rtasidagi tarang shaxsiy munosabatlarga ham ishora qiladi. AQSh sobiq mudofaa vaziri Robert Geyts o’zining endigina chop etilgan kitobida yozishicha, Obamaning Karzayni ko’rishga ko’zi yo’q.

Vashingtondagi Brukings tahlil instituti xodimi Maykl Oxanlonning aytishicha, Amerika yana bir necha oy toqat qila oladi, albatta.

"Biroq unga buning og’iri tushgan sayin, Karzaydan charchagan Obama ma’muriyati sabri tugab, aniq muddat belgilashi va unga qarab ish tutishi mumkin. Hamma xavf ham shunda", - deydi tahlilchi.

Vashingtondagi yana bir siyosiy muassasa, Rend Korporatsiyasi eksperti Jeyson Kempbellning aytishicha, shunday bo’lishining ehtimoli oshmoqda.

"So’nggi haftalarda Karzayning AQSh bilan xavfsizlik bitimini imzolash niyati yo’qligini ko’rib, Pentagonda rejalashga javob beruvchi mutaxassislarning tepa sochi tikka bo’lgan. Ularga ortiqcha ish bo’ladi endi", - deydi Kempbell.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG