Vashingtonda AQSh-Qozog'iston konvensiyasi o'tkazildi


Ukraina Rossiya va G’arbning to’qnashuv nuqtasi sifatida ko’rilar ekan, Qozog’iston, aksincha, yirik davlatlar manfaatlari kesishmagan mamlakat deb e’tirof etiladi.

Serqirra munosabatlarga tayangan bu yurt tashqi siyosati unga dunyoda dushmandan ko’ra, ko’p do’st orttirishga yordam berdi. Qo’shma Shtatlar Qozog’istonning ana shunday do’stlaridan biridir. Vashingtonda o’tgan AQSh-Qozog’iston konvensiyasida ikki tomonlama munosabatlar tahlil qilindi.

Qozog’iston mustaqilligining ilk yillaridan iqtisodiy taraqqiyot, mintaqaviy integratsiya, ko’p qirrali muloqot, tinchlik tashabbuslari, diniy hamjihatlikka katta e’tibor qaratdi. Bu yo’nalishlardagi izchil siyosat meva berib, so’nggi yillarda Qozog’iston mintaqa lideri nomini qozondi.



AQSh mudofaa vazirining sobiq yordamchisi Deyvid Sidnining Vashingtonda o’tgan tadbirda aytishicha, Ostona Rossiya, Xitoy, Eron, Hindiston, Turkiya, Pokiston, AQSh va Yevropa manfaatlari kesishgan nuqtada joylashgan bo’lsa-da, o’zini yo’qotib qo’ymadi.

"Qozog’iston to’g’ri qarorlar qabul qilgani, to’g’ri siyosat olib borgani uchun ham muvaffaqiyatga erishdi. Xitoy mintaqada mavqeini oshirishga intilar, Rossiya esa Sovet Ittifoqini jonlantirish harakatida ekan, Ostonaning bunday muhitda ish olib borishi yanada qiyinlashadi. Uning kelajagi ana shunday bir vaziyatda to’g’ri yo’l topishiga bog’liq. Bu Qozog’istonning bo’lajak rahbarlari uchun jiddiy sinov bo’ladi va AQSh ularga bu ishda yordam berishga tayyor", - dedi Sidni.

Respublika Sovet Ittifoqidan meros bo’lib qolgan yadro arsenalini ilk yillarda yo’q qilishga rozi bo’lib, jamiyatini tashqi dunyoga yopmasdan, mamlakatni xorijiy sarmoyalarga ochib, ko’p do’st qozondi.

Qozog’iston Senatida hukmron “Nur-Otan” partiyasidan vakil Serik Nugerbekov Qo’shma Shtatlar Qozog’istonga eng ko’p to’g’ridan-to’g’ri sarmoya kiritgan davlat, deydi.

"Qozog’iston ko’plab xalqaro anjumanlarga mezbon bo’ldi. Yillik iqtisodiy forumlar, inqirozga qarshi xalqaro konferensiya, Eron yadro dasturi bo’yicha “P5+1” guruhi muzokaralari, Afg’oniston tinchligiga doir muloqot kabi yirik xalqaro yig’inlarni qabul qildi", - deydi Nugerbekov.

Bularning barchasi qozoq senatori nazarida respublikaning hamma davlatlar bilan do’stona aloqasi mahsulidir.

Bunday munosabatlar Qozog’istonning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga bir yil raislik qilishiga, prezident Nursulton Nazarboyevning AQSh rahbari Barak Obama bilan bir necha bor ko’rishishiga va hatto, inson huquqlari va demokratiya bobida Ostonaga nisbatan bildirilgan tanqidlarning yumshashiga yordam berdi.

AQShning Nyu-Gempshir shtatidan saylangan senatori Kelli Ayotning AQSh-Qozog’iston konvensiyasida aytishicha, Ostonaning ayollar huquqlarini targ’ib qilish yo’lidagi harakatlari ham e’tiborsiz qolmadi.

"Respublika afg’on ayollariga ham bu borada yordam berishi mumkin", - deydi senator Ayot.

Qonunchi, shuningdek, afg’on yoshlarining respublika oliy o’quv yurtlarida tahsil olishi uchun Qozog’iston hukumati tomonidan tuzilgan 50 million dollarlik stipendiya dasturini ham olqishladi.

Qozog’iston Rossiya yetakchiligidagi Bojxona Ittifoqiga a’zo bo’lib, kelajakda tuzilishi kutilayotgan Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga kirishga asosiy nomzodlardan ekan, Ukrainada bu jarayonlarga qarshi qaratilgan namoyishlar va G’arbning bu boradagi e’tirozi kelajakda Qozog’iston bilan ham ziddiyatlarga olib kelishi mumkinmi?

Qozog’istonning AQShdagi elchisi Qayrat Umarov so’zlariga ko’ra, Ostonaning bu tashabbuslardagi ishtiroki ortida siyosiy sabablar yo’q, faqat iqtisodiy.

"Hozir siyosiy ittifoq yoki yagona pul birligi haqida gapirishga erta. Mavjud iqtisodiy birlashmani takomillashtirib, samarali ittifoqqa aylantirish kerak. Umuman olganda Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi G’arb uchun ham manfaatli tashabbusdir. Qozog’istonda Amerika va boshqa mamlakatlarning ko’plab kompaniyalari ishlamoqda va ular Qozog’istonda chiqarayotgan mahsulotini Bojxona Ittifoqiga a’zo davlatlarga bojsiz, tariflarsiz sotmoqda", - deydi elchi Umarov.

Qozog’iston diplomatiga ko’ra, Yevrosiyo mintaqasi barcha yirik davlatlar uchun raqobat emas, balki hamkorlik uchun platformaga aylanishi mumkin.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG