Breaking News

AQSh: Qozog'iston demokratik yo'ldan qaytmasligi kerak


AQSh: Qozog'iston demokratik yo'ldan qaytmasligi kerak
AQSh: Qozog'iston demokratik yo'ldan qaytmasligi kerak

Qozog’istonda Nursulton Nazarboyevni 2020 yilgacha prezidentlikda qoldirish masalasi referendumga qo’yilishi mumkin. Bu Amerika nazarida demokratik taraqqiyot yo’lida katta to’siq. Referendum o’tkazish qarori 2012 yilda kutilgan prezident saylovlarini chetga suradi.

AQShning Ostonadagi elchixonasi bayonotida “Qozog’iston hukumati va fuqarolari xalqaro qonunlarga amal qilgan holda erkin va adolatli saylovlar o’tkazishga harakat qilishi muhim” deya eslatiladi.

Konsitutsiyaga binoan, Qozog’istonda referendum taklifini 200 mingdan oshiq fuqaro yoqlasa, markaziy saylov komissiyasi uni ko’rib chiqib, ma’qullashi va u prezident tasdig’idan o’tishi kerak.

Taklifni olg’a surayotgan faollarning aytishicha, shu kungacha 2,5 milliondan ziyod fuqaroning imzosi yig’ilgan. Bu yog’i endi 70 yoshli Nazarboyev qo’lida. U 2012 yilda prezident saylovi o’tsin deydimi yoki 2020 yilgacha o’zi hokimiyatda qolishi uchun sharoit hozirlanishini istaydimi?

Referendum yo’li tanlansa, u mart oyidayoq o’tishi mumkin.

Nazarboyev rahbarlikka 1989 yilda kelgan, Qozog’iston Sovet Sotsialistik Respublikasi Kommunistik Partiyasining birinchi kotibi sifatida.

Oradan ikki yil o’tib Sovet Ittifoq parchalandi. Nazarboyev mustaqil Qozog’iston prezidentiga aylandi. 1995 yilgi referendum natijasida uning muddati 2000 yilgacha uzaytirildi. Shundan beri Nazarboyev rahbarlikka yana ikki bor saylandi. Lekin mamlakatda shu paytgacha o’tgan biror saylov xalqaro me’yorlarga javob bermagan.

Qozog’iston o’tgan yili Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qildi. Bu organning asosiy vazifasi erkinlik, demokratiya va tinchlikni targ’ib qilish. Respublika uning a’zosi ekan, qator majburiyatlarni o’z bo’yniga olgan.

Qo’shma Shtatlar Qozog’istonni inson huquqlari bo’yicha qabul qilingan milliy dasturni amalga oshirishga undamoqda. Xususan, demokratik islohotlarni jadallashtirishni va qonunga binoan 2012 yilda prezident va parlament saylovlari o’tkazishni.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG