Qozog'istonning nufuzi baland, lekin u hali erkin dunyodan yiroq


Qozog’iston AQShda kuchli lobbi, siyosiy quvvatlov va homiylarga ega. Markaziy Osiyoning boshqa hech bir davlati unga bu borada teng kela olmaydi, deydi mintaqa bilan yaxshi tanish siyosatdonlar.

Neftga boy va tashqi siyosati ancha teran Qozog’istonning o’ziga ishonchi baland. Diplomatiyani yaxshi yo’lga qo’ygan.

Vashingtondagi elchi Erlan Idrissov, sobiq tashqi ishlar vaziri, so’zga chechan, Ostonada belgilangan siyosatni qayerga bormasin, aniq tushuntirib bera oladigan arbob.

Erlan Idrissov Qozog'istonning AQShdagi elchisi

Erlan Idrissov Qozog'istonning AQShdagi elchisi

“Biz ko’chmanchi xalqmiz va yangi bir tuzumga o’tib, kuchli bir davlat sifatida oyoqqa turmoqchimiz”, - deydi Idrissov, AQSh poytaxtida Qozog’iston xususida o’tgan tadbirni ochar ekan.

“Amerika, geografik jihatdan qanchalik uzoqda bo’lmasin, biz u bilan har sohada hamkorlikka tayyormiz”, - deydi u.

Qozog’iston Vashingtondagi turli ilmiy va madaniy maskanlarda mana shunday yig’inlarni tez-tez tashkil etib, o’z imkoniyat va siyosatini targ’ib qiladi. Elchixona jamoatchilikka chiqishni biladi. Haftalik xabarnomalar va muhim siyosiy yangiliklar tegishli kishilar qo’liga aniq va professional tarzda yetib borishi ta’minlangan.

Regionning boshqa diplomatlaridan farqli o’laroq, elchi Idrissov mamlakatiga nisbatan tandiqni ochiq chehra bilan tinglaydi.

Amerikalik tadbirkorlar u yerdagi korrupsiya, qog’ozbozlik va bosimlardan nolisa yoki prezident Nursulton Nazarboyev muxolifat va axborot vositalarini ezib kelmoqda, demokratiya yo’lini to’smoqda degan nolalar yangrasa, Idrissov “Eh, qaniydi, bunday mentalitetdan tezgina qutula olsak, ulkan o’zgarishlar bo’lishi uchun avlodlar yangilanishi kerak. Demokratiya tomon sekin qadam tashlayotgan bo’lishimiz mumkin, ammo uni ravnaq toptirish maqsadida qat’iymiz”,- deya javob beradi.

Elchi deydiki, Rossiya va Xitoydek qudratli davlatlar orasida va ularning tobora o’sib borayotgan ta’siri ostida nafas olish oson emas. “Lekin buni eplayapmiz”, - deydi u.

Qirg’iziston janubidagi qonli voqealar Qozog’iston uchun katta bir sinov edi, Nazarboyev rahbariyati undan o’ta olmadi, deydi amerikalik tahlilchilar, nafaqat qo’shni sifatida, balki ayni damda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti raisi rolida ham.

Qozog’iston raislikka munosib deb jar solgan AQSh rasmiylarining bu fikrga qo’shilgisi kelmaydi. “Ular harakat qilayapti”, - degan mujmal bir gap aytishadi.

Elchi Idrissov ham qancha qarorlar qilinib, qancha uchrashuvlar o’tkazilganini tushuntiradi. Lekin amalda nima qilindi?

Qozog'iston neftdan katta daromad oladi, ammo uning huzurini aholining kichik bir qismi ko'rmoqda xolos

Qozog'iston neftdan katta daromad oladi, ammo uning huzurini aholining kichik bir qismi ko'rmoqda xolos

Buning ustiga Qozog’istondek biror marta o’zi erkin va adolatli saylov o’tkazmagan davlat - Qirg’izistondagi saylovlarda bosh kuzatuvchi. Uning bu boradagi hisobotlariga qanchalik ishonch bilan qarash mumkin degan savolga ham Vashingtondan aniq javob olmaysiz.

AQShnning Yevrosiyo bilan aloqalarini uzoq yillar tebratgan, Ostonada elchilik qilgan Elizabet Jouns (Elizabeth Jones) fikricha muammo aslida Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotida.

Qirg’izistondagi murakkab bir vaziyatdan chiqish yo’lini bir davlat u yoqda tursin, bunday katta bir tashkilot (56 a’zolik) hal qila olmayapti, deydi u.

Elizabet Jouns fikricha O’sh va Jaloloboddagi qirg’inga qarshi vaqtida chora ko’rmay bu tashkilot o’z bo’yniga olgan majburiyatlarini bajara olmasligini isbotladi. Bu AQSh va boshqa yirik a’zolar uchun jiddiy bir signal, deydi u.

Jeyms Kollins (James Collins), 1997-2001 yillarda AQShning Rossiyadagi elchisi bo’lgan va Qozog’iston bilan ham yaqindan ishlagan arbob deydiki, Nazarboyev rahbariyati istasa, effektiv dasturlar bilan chiqishi, ularni amalga oshira bilishi mumkin.

“Amerika bu davlat bilan boshidan chiqisha olgan, taraqqiyot yo’lini belgilashda va tashqi dunyo bilan aloqada Nazarboyev Vashington yordami va tajribasiga tayangan”, - deydi Kollins.

1992-1995 yillarda AQShning Almatidagi elchisi bo’lgan Vilyam Kortni (William Courtney) fikricha ham Nazarboyev uddaburo lider. Markaziy Osiyoda AQSh, Rossiya va Xitoy bilan tengma-teng ishlay oladigan boshqa rahbar yo’q, deydi u.

Qozog’iston bozor iqtisodiyotiga o’tar ekan, amerikacha biznes qilishni o’rgandi va bundan katta foyda ko’rdi, deydi u. Lekin erkin jamiyat qurishda bu yo’ldan bormadi. Shu bois ham tili qisiq. Qozog’istonda shaxsga sig’inish va axborot vositalariga mustaqil emas, davlat iznidagi organ sifatida qarash madaniyati saqlanib qoldi.

Qozog’iston bugun o’zini qanchalik rivojlangan davlat sifatida tutmasin, o’zini haqiqiy Yevrosiyo jamiyati deb ta’riflamasin, deydi Amerika siyosatdonlari, u avtoritar tuzumdan voz kechmay, siyosiy erkinliklarni cheklashda davom etsa, boshqalarga so’zi o’tadigan davlatlar safidan o’rin olmaydi.

Larri Napper (Larry Napper), 2001-2004 yillarda Qozog’istonda elchilik qilgan namoyanda tahlilicha, Qozog’iston Sovet davridan qolgan yadro materiallar va chiqindilardan qutulib, terrorizmga qarshi kurashda AQSh bilan yonma-yon turib, Afg’oniston bo’yicha hamkorlikka “yordam” emas, “zaruriyat va burch” sifatida qarab, G’arb ishonchini oqlay oldi.

Afg’onistonga hozir yuk tashilayotgan Shimoliy Ta’minot Tizimi loyihasini Qozog’iston mahkam ushlab, uni mintaqaviy savdo yo’llariga aylantirish uchun izchil bir reja bilan chiqsa, Amerika uni quvvatlashi mumkin. Bu Qozog’iston uchun katta bir strategik yutuq bo’ladi, deydi Larri Napper.

Amerika siyosiy va biznes doiralarining Qozog’stonga nisbatan munosabat va qarashlarini shakllantirishda muhim hissa qo’shgan ekspert Marta Olkott (Martha Olcott) fikricha esa bu xalq oldida ko’plab qiyinchiliklar turibdi.

Nazarboyev rahbariyati sarmoya jalb qilish, tabiiy boyliklardan daromad olishni o’rgangan bo’lishi mumkin, biroq kelayotgan foyda huzurini aholining juda kichik bir qismi ko’rmoqda.

Almati va Ostona rivojlanayapti, lekin qishloqlarga borsangiz, ular taraqqiyotdan juda uzoq. Privatizatsiya, mulkka egalik qilish bilan bog’liq muammolar talay. Buning ustiga mamlakatda millatchilik ruhi tobora kuchayib bormoqda. Ijtimoiy tarqoqlik kuchli.

Qozog’istonning neft sanoatiga eng ko’p sarmoya AQShdan boradi. O’tgan yillar ichida bir necha jinoiy ishlar ochilib, amerikalik tadbirkorlar va mahalliy rasmiylar sudga tortildi. Bir nechasi qamoqda. Ikki davlat munosabatlaridagi asosiy yutuq shuki, deydi tahlilchilar, tomonlar og’ir damlarda bir-biriga tayana oladi. Aloqa yo’li ochiq. Bir-biri bilan har doim ham kelishmasligi mumkin, lekin bir-birining pozitsiyasini yaxshi tushunadi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG