Shimoliy Koreya AQShgacha yetib keladigan ballistik raketa yaratmoqchi

  • Amerika Ovozi

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un durbindan raketa uchirish mashqini tomosha qilmoqda, Pxenyan, 2014-yil, 30-dekabr.

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un durbindan raketa uchirish mashqini tomosha qilmoqda, Pxenyan, 2014-yil, 30-dekabr.

Milliy razvedka bo'yicha yetakchi rasmiyning AQSh Kongressiga aytishicha, Shimoliy Koreya AQShgacha yetib keladigan uzoq masofali ballistik raketalarni yaratish bo'yicha ancha muvaffaqiyatga erishgan. Ayni paytda Janubiy Koreyaga raketaga qarshi mudofaa tizimlarini o'rnatish bo'yicha bahs ketmoqda.

Kongressga topshirilgan yozma bayonotda AQSh Milliy razvedkasi direktori Jeyms Klepper Pxenyanning "KN-08" deya ataluvchi uzoq masofaga uchadigan raketalarini ishga tushirish bo'yicha ishlar davom etayotganini aytadi.

Pentagonning siyosiy-harbiy masalalar bo'yicha Osiyo direktori o'rinbosari Deyvid Stilvelning ta'kidlashicha, bu holat Janubiy Koreyada raketa hujumlariga qarshi "THAAD" mudofaa tizimlarini o'rnatish zaruratini yanada oshiradi.

"THAAD" mudofaa tizimi 1900 kilometr uzoqlikdagi obyektlarni aniqlash imkonini beruvchi radarga ega. U balanddan uchuvchi ballistik raketalarni to'sa oladi.

Xitoy va Rossiya "THAAD"ning o'zlariga qarshi ishlatilishi mumkinligidan xavotirda va shu bois bu mudofaa tizimining Janubiy Koreyaga berilishiga rozi emas.

Seul sukut saqlash orqali munozarada ishtirok etmayapti. Janubiy Koreya rasmiylariga ko'ra, "THAAD" batareyalarini o'rnatish bo'yicha hali hech qanday rasmiy muzokara boshlangani yo'q.

Jons Xopkins universitetidagi AQSh-Koreya instituti tahlilchilarining aytishicha, Shimoliy Koreyaning Soxe aerodromida raketa uchirish maydonining qurilayotganini tasdiqlovchi sun'iy yo'ldoshdan olingan suratlar bor. Ularga ko'ra, keyingi 3-5 yil ichida Pxenyan qit'alararo ballistik raketalarni ishga tushirish imkoniyatini qo'lga kiritishi mumkin. Ammo iqtisodiy jazo choralari bu muddatni bir necha yil orqaga surishi kutilyapti.

Tahlilchi Shin In-Kunning aytishicha, raketalarni joylashtirish bosiqichidan oldin bir qator sinovlarni amalga oshirish lozim.

Qurol sifatida tan olinishi uchun, raketa kamida 10 ta sinovdan o'tib, ularning kamida 70 foizida, ya'ni yettitasida muvaffaqiyatga erishishi kerak, deydi u.

Tahlilchiga ko'ra, "KN-08" hali bunday sinovlardan o'tkazilmagani bois, uning qit'alararo ballistik raketaga aylanishiga hali uzoq vaqt bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG