AQSh Shimoliy Koreya masalasida Xitoy yordamidan umidvor

  • Amerika Ovozi

Vashingtonda uchrashuv, 6 dekabr 2010

Vashingtonda uchrashuv, 6 dekabr 2010

Kecha AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton uning davlati, Yaponiya va Janubiy Koreya bir yoqadan bosh chiqarib, Shimoliy Koreya solayotgan xavfga nisbatan zarur choralar ko’radi degan edi.

Xitoy hukumati bu singari ogohlantirishlarga qarshi va Vashington hamda uning ittifoqchilarini Shimoliy Koreya ishtirokida o’tadigan mintaqaviy anjumanga chaqirmoqda.

Regional tinchlik bilan bog’liq har qanday masala, deydi Xitoy rasmiylari, bu yerda joylashgan barcha mamlakatlar bilan kelishgan holda hal etiladi.

23 noyabr kuni Koreya yarimorolida kuzatilgan harbiy to’qnashuv xalqaro hamjamiyatni ancha xavotirga solib qo’ygan. Shimoliy va Janubiy Koreya 1953 yilda imzolangan sulhdan beri tomonlar bu darajada o’q almashmagan edi.

Shimol va Janub xurujda bir-birini ayblaydi.

Davlat kotibasi Xillari Klintonning aytishicha, prezident Barak Obama va Xitoy rahbari Xu Tsintao Koreya yarimoroli yuzasidan bir fikrda, ya’ni bu mintaqada atom qurollariga o’rin yo’q.

Janubiy Koreya harbiy kuchlari 23 noyabrda Shimoliy Koreya bilan o'q almashilgan Yeonpyeong orolida mashq qilmoqda. Hozirda bu yerda qo'shin soni oshirilgan.

Janubiy Koreya harbiy kuchlari 23 noyabrda Shimoliy Koreya bilan o'q almashilgan Yeonpyeong orolida mashq qilmoqda. Hozirda bu yerda qo'shin soni oshirilgan.

Vashington Xitoy olg’a surayotgan xalqaro anjumanni ham olqishlaydi, deydi Klinton, lekin Shimoliy Koreya provokatsion harakatlarini bas qilishi kerak.

Ular tinchlik tarafdori ekanini isbotlamaguncha, muzokara qilinmaydi, deydi AQSh Davlat kotibasi.

Birinchidan, Pxenyan Janubiy Koreya bilan aloqalarini yaxshilashi shart. Ikkinchidan esa xalqaro qonun va talablarga bo’ysunishi lozim.

AQSh bu bilan Shimoliy Koreyaga 2005 yilda xalqaro hamjamiyat oldida bergan va’dalarini eslatmoqda: yadroviy dasturni tugatib, atom inshootlarini butunlay yopish.

Buning evaziga Shimoliy Koreyaga katta iqtisodiy va diplomatik yordam kafolatlangan edi.

Biroq 2008 yilga borib, Pxenyan atom dastutini hamon davom ettirayotgani ayon bo’ldi. Xalqaro hamjamiyat bilan endigina iligan aloqalar yana orqaga ketdi.

Bugungi kunda Xitoy bu davlatning eng yirik va yagona hamkori bo’lib qolmoqda.

AQSh diplomatik choralar izlamoqda, deydi Xillari Klinton.

“Xitoy Shimoliy Koreya bilan o’ziga xos rishtalarga ega. Xitoy biz bilan ishlab, Shimoliy Koreyani egri yo’ldan qaytarishda ko’maklashadi degan umiddamiz”, - deydi AQSh Davlat kotibasi.

Birlashgan shtab boshlig’i Admiral Maykl Myullen Janubiy Koreya va Yaponiyaga yo’l olib, bu davlatlar rahbariyati bilan fikr almashmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG