Kurdlar “Islomiy davlat”ga qarshi kurashda yordam so’ramoqda

  • Amerika Ovozi

Iroq va Suriyada “Islomiy davlat” terror tizimiga qarshi kurashayotganlar asosan kurdlar. Ammo urush strategiyasi bo’yicha muhokamalarda bu jamoa ko’pincha chetda qolib ketadi. Ularga harbiy yordam zarur, deydi amerikalik qonunchilar.

Suriya va Iroqdagi janglarda kurdlar jasoratini namoyish etmoqda. Kobani shahridan jangarilarni haydab chiqargan, Iroq shimolini himoya qilayotganlar - ular.

Koalitsiya havo hujumlari yordam berayapti, albatta. Ammo jang maydonida xorijiy askarlar yo’q. Iroq armiyasi parokanda. Frontda asosan kurd qurolli kuchlarini ko’rasiz.

Yuzlab kilometrga cho’zilgan frontda shu kungacha taxminan 1,5 ming kurd jangchisi halok bo’ldi. Lekin “Islomiy davlat”ga qarshi strategiya ishlab chiqishga kelganda, ular o’zini chetda deb biladi.

Peshmerga deya atalmish armiyani turli xil harbiy yetakchilar va qo’mondonlar boshqargani sabab ular bilan yaxlit bir strategiya asosida hamkorlik qilish oson emas.

Yaqinda Londonda o’tgan xalqaro anjumanga ham iroqlik kurdlar delegatsiyasi emas, balki Iroq markaziy hukumatidan vakillar taklif etildi.

Bugun Kurdistonni mustaqil deb tan olgan biror davlat bo’lmasa-da, AQShning ayrim qonunchilari kurd rahbarlari bilan bevosita muzokara qilish tarafdori.

Respublikachi kongressmen Dana Rorabaker:

“Kurd ittifoqchilarimiz urushning og’irini ko’tarayapti. London bo’ladimi yoki boshqa bir shaharda majlis o’tkazilib, tinchlik haqida gap ketganda, nega endi ularni taklif etmaslik kerak? Qo’shma Shtatlar buni talab qilmagani adolatdan emas”.

Respublikachi kongressmen Kristofer Smit:

“Kurdistondagi jangchilarga yordam beraylik deb chiqayotganlar ko’paymoqda. “Islomiy davlat”dek qonxo’r guruh yo’q qilinishi kerak. Havo hujumlarini kuchaytirish uchun men shaxsan ovoz beraman”.

Irbil shahrida asoslangan Kurd siyosiy jamg’armasiga ko’ra, peshmerga tan olinmayotganida kurd rahbarlarining ham aybi bor.

“Xalqaro hamjamiyat bilan aloqalarimiz pala-partish. O’zimizni ko’rsata olmaganimizning asosiy sabablaridan biri shu”, - deydi tashkilot asoschisi Kamol Cho’mani:

AQSh Kongressida ko’rib chiqilayotgan qonun loyihasi kurdlarga Bag’dod orqali emas, to’g’ridan-to’g’ri qurol yetkazishni nazarda tutadi. Iroq hukumati bunday qarordan norozi bo’lishi turgan gap.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG