Amerika suriyalik kurdlarni muxolifatga qo'shilishga da'vat etmoqda

  • Amerika Ovozi

Suriyalik kurdlar terrorchi tashkilot deb tan olingan Kurdiston ishchilar partiyasiga xayrixoh, Al-Hasaka, Suriya, 1-noyabr, 2012-yil.

Suriyalik kurdlar terrorchi tashkilot deb tan olingan Kurdiston ishchilar partiyasiga xayrixoh, Al-Hasaka, Suriya, 1-noyabr, 2012-yil.

Obama ma’muriyati Suriya muxolifatini birlashtirish yo’lida ko’p harakat qildi. Endi esa prezident Bashar al-Assad hokimiyatiga qarshi kurashda suriyalik kurdlarni ham ularga qo’shilishga undamoqda. Kurdlarning hozirgi vaziyatdan maqsadi boshqa – ular kengroq muxtoriyatga erishmoqchi.

Suriyada muxolifat koalitsiyaga birlashgani bilan Assadga qarshi barcha kuchlar ham guruhga qo’shilgani yo’q. Oraga nizo solishda Assadning hissasi bor. U mamlakatdagi kurdlarni qo’shimcha erkinliklar bilan ta’minlab, kurashga bo’lgan ishtiyoqiga barham berdi. Kurdlarnning dardi o’z davlati yoki kuchliroq muxtoriyatga ega bo’lish.

Malu Innosent Vashingtondagi Kato tahlil institutida Yaqin Sharq bo’yicha mutaxassis.

"Kurdlar endi o’ylanib qoldi. “Isyonchilarga yordam bersakmikan yoki Assad hokimiyatda qolarmikan” degan savol xayollaridan o’tmoqda".

Kurd rahbarlari o’tmishda muxolif guruhlarni birlashtirishga bir necha bor urinib ko’rdi, ammo ularning muxtoriyat masalasiga befarqligini ko’rib, bu ishdan qaytgan. Endi esa muxolifat ularni o’z safiga qo’shishga harakat qilmoqda.

Stiv Xeydeman Vashingtondagi Tinchlik institutida Yaqin Sharq bo’yicha tahlilchi.

"Suriya tashqarisidan turib harakat qilayotgan muxolifat va kurdlar munosabatlarini ijobiy deb bo’lmaydi, aksincha, juda tarang. O’rtada ishonch yo’qligidan bularning hammasi."

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Viktoriya Nulandning aytishicha, Obama ma’muriyati muxolifatni kurdlar bilan aloqalarni yaxshilashga undamoqda.

"Suriyada isyonchilar nazoratiga o’tgan ayrim hududlarda sunniy aholi kurdlar bilan til topishib, birga ishlamoqda. Hamma joyda shunday bo’lishini istardik."

Qo’shma Shtatlar turli mamlakatlarda yashayotgan kurdlarga nisbatan turlicha siyosat yuritadi. Masalan, Suriyadagi eng yirik kurd guruhining Turkiyada terrorchi tashkilot deb belgilangan Kurdiston ishchilar partiyasi bilan aloqasining mavjudligi xavotir uyg’otadi. Partiyani Yevropa Ittifoqi va AQSh ham terrorchi deb biladi.

Iroqda esa AQSh qo’shinlari kurdlarni Saddam Husayndan himoya qilib, Kurdiston muxtoriyatining tuzilishiga imkon yaratdi.

Tahlilchi Stiv Xeydemanning aytishicha, suriyalik kurdlar Turkiya va Iroqdagi millatdoshlari bilan o’ziga yarasha maqsadi bo’lgani uchun Assadga qarshi isyonga qo’shilmadi.

"Kurdlar muxolifatni rejimga yem qilib tashlab qo’ymoqchi emas, ammo hozirgi vaziyatdan unumli foydalanib, o’zlari uchun muhim bo’lgan uzoq yillik masalalarni hal qilib olmoqchi, chunki shu kunga qadar na Assad rejimi va na muxolifat ularni esga oldi."

Suriyada qurolli mojaro, asosan, kurdlar yashaydigan shimoliy hududlarga ko’char ekan, minglab odamlar jon saqlash uchun Turkiya va Iroqqa qochmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG