Qirg'iz-Amerika aloqalari xususida Bishkekdagi tahlilchilar bilan suhbat


Qirg'izistonning Vashingtondagi elchixonasi

Qirg'izistonning Vashingtondagi elchixonasi

O'tgan hafta Vashingtonda AQSh-Qirg’iziston rasmiylarining yillik maslahat uchrashuvi bo'lib o'tdi.

Qirg’iziston Tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakbayev yetakchiligidagi delegatsiya bilan muzokaralar davomida Amerika diplomatlari xavfsizlik, islohotlar hamda savdo va tijorat haqida ham gaplashgan.

Tomonlar aloqalar ko'lamidan mamnun ekanini aytadi. Obama ma'muriyatidan katta siyosiy va moliyaviy madad olib kelayotgan Qirg'iziston o'zini AQSh do'sti va ishonchli hamkori deb biladi.

AQSh Kongressi a'zolari ham yaqinda Bishkekda bo’lib, parlamentlararo rishtalarni mustahkamlashga kelishib olgan.

USAID, AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi, Qirg’iziston hukumati bilan yangi kelishuvlar imzolab, faoliyatini kengaytirishga harakat qilmoqda.

Qirg'iz-Amerika aloqalari xususida Bishkekdagi tahlilchilar bilan suhbat

Qirg'iz-Amerika aloqalari xususida Bishkekdagi tahlilchilar bilan suhbat

Amerika-Qirg'iziston aloqalari ortida qanday omillar turibdi va munosabatlar haqiqatdan ham "a'lo" darajadami?

"Amerika Ovozi" Qirg'iziston Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi Diplomatik Akademiyada jahon siyosati va xalqaro aloqalari bo'limi rahbari Orozbek Moldaliev bilan suhbatda bo'ldi. Marhamat, tinglang:

AQShning Qirg’izistondagi yangi elchisi Pamela Spratlen yaqinda O’sh shahrida bo’lib, mahalliy hokimiyat rahbarlari bilan uchrashdi. Mintaqadagi vaziyat, shuningdek o’tgan yilgi iyun voqealarida vayron bo'lgan maskanlarni tiklash ishlari borasida so’z yurgan.

Elchi Spratlen mahalliy universitetda Amerika markazi, USAID yordamida qurilgan bolalar maydonchasi ochilishida ham ishtirok etdi.

Diplomat xonim Qo’shma Shtatlar tinchlik va taraqqiyot yo'lida hissa qo’shishga tayyor deydi.

Siyosatshunos Orozbek Moldaliyev fikricha:

“Hozirgi Qirg’iziston-AQSh aloqalarida Qo’shma Shtatlar o’zining oldingi siyosatini olib borayapti desak bo’ladi. Asosiysi, o’tgan yilgi aprel inqilobidan keyin “Qirg’iziston demokratiya yo’lini tanladi”, - deb ko’plab g’arb mamlakatlari bizni qo’llab-quvvatlayotir”, deydi Orozbek Moldaliyev.

Amerika Qo’shma Shtatlari O’sh va Jalol-Obod shaharlarini qayta tiklash yo’lida turli loyihalarga homiylik qilmoqda. Suv shohobchalarini tozalash, dam olish maskanlarini ta’mirlash uchun mablag’ ajratgan, Rossiyaning O’shdagi bosh konsulligi bilan hamkorlikda o’smirlar sport klublarini qayta tiklash rejalangan.

Amerika Qo’shma Shtatlari turli tashkilotlar va iqtisodiy tizimlar orqali Qirg’iziston xalq xo’jaligi taraqqiyotiga ko’mak ko’rsatayotir. Mamlakat chegara qo’shinlari va kuch tizimlari salohiyatini ko’tarishga ham hissa qo’shmoqda. Amerikaning yangi elchisi Pamela Spratlen Qirg’izistonni Qo’shma Shattlarning strategik hamkori deya qayd etmoqda.

Siyosatshunos Orozbek Moldaliyev tahlilicha, aloqalar hozirda ancha avj olgan.

“2009 yillari Qirg’iziston-AQSh aloqalari sovib qolganday bo’ldi. Ammo o’tgan yildan e’tiboran AQShning Qirg’izistonga bo’lgan munosabati ancha iliqlashgan. Masalan, yuqori martabali uchrashuvlar bir yil ichida ikki marta bo’lib o’tgan. Har xil delagatsiyalar tez-tez Qirg’izistonga kelib, turli masalalar bo’yicha muzokaralar ketmoqda. Shuni ta’kidlashimiz kerak – berilayotgan yordamlar ayrim hollarda samarasiz ishlatilayotir. Kelayotgan yordamlardan yanada yaxshiroq, effektifroq foydalanishimiz darkor”, - deydi professor.

Bir necha oy muqaddam Amerika yordamida Qirg’izistonning Botken viloyatida antiterroristik kuchlar mashq markazi barpo etish maqsadi e’lon qilingan edi. Harbiy sohadagi bu kabi rejalar ayrim hollarda quruq so’z bo’lib qolayotgani ham sir emas.

“AQSh Qirg’iziston kuch tizimlari uchun terrorizmga qarshi mashq markazi qurib beramiz degandan keyin, xuddi shu maqsadni Rossiya ham bildirdi. Oqibatda bugungi kunda birorta markaz barpo etilgani yo’q. Ushbu masala hozirgacha yechilmay turibdi. Terrorizmga qarshi butun davlatlar bilan hamkorlikda ish olib borishimiz kerak”, - deydi Orozbek Moldaliyev.

Ayni paytda rasmiy Bishkek tashqi munosabatlarda ko’p yo’nalishli siyosat olib borishini urg’ulab keladi.

“Bugungi globalizatsiya davrida bir tomonlama siyosat olib borishga imkon yo’q. Bir tomonlama siyosat olib boraman, desangiz ham hozirgi tashqi dunyodagi vaziyat sizi o’sha yo’ldan burib qoyadi. Masalan, Markaziy Osiyoni o’rnak keltirsak; Qirg’iziston boshqa mintaqa davlatlari kabi Shanxay Hamkorlik Tashkiloti a’zosi. Bundan tashqari Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi, Islom Konferensiyasi Tashkiloti, hattoki NATOning “Tinchlik uchun hamkorlik” deb nomlangan loyihasida ham qatnashamiz. Shularni hammasini hisobga olsak, hozirgi kunda ko’p yo’nalishli siyosat olib borish ma’qulroq bo’ladi”, - deydi Orozbek Moldaliyev.

XS
SM
MD
LG