Shila Gvoltni - AQShning Qirg'izistondagi yangi elchisi


Shila Gvoltni yaqingacha AQShning Rossiyadagi elchisi o'rinbosari edi

Shila Gvoltni yaqingacha AQShning Rossiyadagi elchisi o'rinbosari edi

AQSh Senatining Tashqi aloqalar bo'yicha qo'mitasi 5-avgust kuni tajribali diplomat Shila Gvoltni (Sheila Gwaltney) Qirg'izistondagi yangi elchi bo'lsin deya tasdiqladi.

2014-yilning avgust oyida Prezident Barak Obama tomonidan Bishkekda bosh diplomatlikka ko'rsatilgan Gvoltni xonim sobiq Sovet davlatlari bo'yicha yetuk mutaxassis sanaladi. Yaqingacha Rossiya va 1990-yillarning oxiri va 2000-yillar boshida Qirg'izistonda elchi o'rinbosari sifatida ishlagan. Bishkekdan keyin u Ukraina poytaxti Kiyevda ham shu lavozimda xizmat qilgan. Rossiyada nafaqat Moskva, balki Sankt-Peterburgda ham faoliyat yuritgan, konsul vazifasida.

Bu Gvoltni uchun birinchi elchilik bo'ladi.

Kalifoniya va Jorj Vashington universitetlarini bitirgan mutaxassis xalqaro aloqalar bo'yicha diplomga ega. 1984-yilda diplomatik xizmatga kirishganida avval Panama, keyin esa Janubiy Afrikada ishlagan.

2010-yilda Rossiyadagi elchi o'rinbosari lavozimiga tayinlanganida Gvoltni Kreml agressiv siyosat yo'lidan bormoqda, deya ogohlantirgan. Elchi Maykl Makfol o'tgan yilning boshida Amerikaga qaytgach, uning vazifasini Gvoltni bajargan. Gvoltni bu davrda Qrim va Ukraina masalasi bilan shug'ullangan yetakchi diplomat sifatida tanildi.

Yaqinda Senatda so'zlaganida Gvoltni Qirg'izistonga demokratik taraqqiyot, iqtisodiy farovonlik va xavfsizlik masalasida yordam ko'rsatishni asosiy maqsadlar deya ta'kidladi.

O'zbek faol, Jalol-Obodda o'z nohukumat tashkilotini yuritib tanilgan Azimjon Asqarovni qahramon deb atab, unga yaqinda yuksak mukofot bergan Qo'shma Shtatlarning Qirg'iziston hukumati bilan munosabatlari taranglashgan. Asqarov militsiyaga qarshi jinoyatlarda, shuningdek, etnik nafrat urug'ini sochganlikda aybdor deb topilib, bir umrlik qamoq jazosiga mahkum etilgan. Uning ishi qayta ko'rib chiqilib, hukm o'z kuchida qolgan. Biroq Asqarov tarafdorlari va himoyachilarining aytishicha, guvohlar ko'rsatmalarini qaytib olgan, sud ishi soxta ayblovlarga asoslangan. Xalqaro tashkilotlar va AQSh hukumati ish qayta ko'rib chiqilsin, deya undab keladi.

Yiliga o'nlab million dollarga teng madad oladigan Bishkek Vashington yordamiga muhtoj emasligini bildirib, bu boradagi kelishuvlarni bekor qilgan. Siyosiy tahlilchilar nazarida bu xafagarchilik vaqtinchalik va Rossiya bosimi ostidagi Qirg'iziston baribir Amerika bilan yaqin hamkorlikdan manfaatdor. Shila Gvoltni elchi sifatida oradagi ishonch va rishtalarni tiklashi kerak bo'ladi, deydi ular.

Bir necha oydan beri AQShning Bishkekdagi muvaqqat elchisi vazifasini keksa diplomat Dik Mayls boshqarib kelayotgan edi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG