Breaking News

Qirg'iziston ahli Amerikaning yangi elchisidan nima kutadi?


Qirg'izistonda taniqli huquq himoyachisi Azimjon Asqarovning AQSh Davlat departamenti mukofotiga loyiq topilgani Qirg'iziston hukumatini g'azabga keltirib, Bishkek 1993-yilgi o'zaro hamkorlik shartnomasini bekor qilgan.

Qirg'izistonliklar Amerikaning yangi elchisidan nima kutadi? - Muhiddin Zarif
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:24 0:00

Qo'shma Shtatlar bu qarordan afsusda, lekin mamlakatga insonparvarlik yordamini davom ettirmoqchi. Obama ma'muriyati yaqinda Qirg'izistonga yangi elchi tayinladi - sentabrdan ishga tushadigan tajribali diplomat Shila Gvoltni. Kuzatuvchilar nazarida, o'rtadagi janjal o'tkinchi, munosabatlar asta-sekin izga tushadi.

Xo'sh, oddiy qirg’izistonliklar Amerika elchisidan nima kutadi?

Me’mor Avazbek Tursunboyev Qirg’izistonning O’zgan shahridagi tarixiy obidalar muzey-majmuasi yetakchisi. AQShning Madaniy merosni saqlash bo’yicha Elchilik jamg’armasi tomonidan qo’llab-quvvatlangan loyihalar orasida ushbu qadimiy obidalarni ta’mirlash va asrab-avaylash rejasi ham bor bo’lib, kerakli mablag’ning bir qismi Qirg’iziston madaniyat vazirligi tomonidan ajratilgan edi.

Ammo rasmiy Bishkek Qirg’izistonda faoliyat ko’rsatayotgan AQSh tashkilotlari uchun imtiyozlarni ko’zda tutuvchi kelishimni bekor qilishi ortidan loyiha tannarxi oshib ketgan. Qo’shimcha sarflar ehtiyoji tug’ilgan.

“Xarajatlarni qayta hisoblab chiqishga to’g’ri keldi. Elchilik jamg’armasi ajratadigan mablag’ endi kamlik qiladi. Vazirlik tomonidan beriladigan pul boj to’lovlari kabi sarflarga ketib qoladi. O’zgan diyorida tarixiy izlanishlar bo’yicha ko’p ishlar qilishimiz kerak. AQSh tarafi bilan hamkorlikni davom ettirish niyatidamiz. Qirg’iziston va Amerikaning avvalgi munosabatlari tiklanishiga umid bog’laymiz”, - deydi Avazbek Tursunboyev.

Bishkeklik siyosatshunos Japar Birimkulovning aytishicha, keyingi paytlarda Qirg’iziston ommasi fikrida Amerika obro’si pasayib ketgan. Yangi elchi oldida Vashingtonning tashqi siyosatiga, umuman, Amerika hamda Qirg’iziston munosabatlariga ijobiy tus berish vazifasi turibdi.

Kuzatuvchilarga ko’ra, ayni paytda Bishkekda yangi elchiga nisbatan iliq munosabat mavjud, deyish qiyin.

“Bishkek yaqinidagi AQSh harbiy bazasi yopilgandan keyin yuz bergan voqealar, masalan, AQSh elchixonasi manziliga kelayotgan katta yuklar atrofidagi tushunarsiz holat, go’yoki muxolifatga berilayotgan moddiy ko’mak haqida mish-mishlar yaxshi kayfiyat tug’dirmaydi”, - deydi Birimkulov.

Uning aytishicha, Amerika Qirg’izistonda iqtisodiy loyihalarga urg’u bersa yaxshi bo’lar edi.

“Ammo bunday bo’lishiga, ya'ni AQSh iqtisodiy masalalar bilan shug’ullanishiga ishonish qiyin", deydi u. - Gumanitar sohada ancha ijobiy ishlar qilish mumkin. Masalan, ko’proq qirg'izistonlik yoshlar uchun Amerikaga ta’lim olish imkonini berish maqsadga muvofiq. Bu o'rinda yangi elchiga ham ko’p narsa bog’liq”.

“Buzish oson, lekin tiklash, yaratish vaqt va kuch talab qiladi”, - deydi suhbatdosh.

Taniqli qirg’iz yozuvchisi, “Umay ene” siyosiy partiyasi yetakchisi Salima Sharipova elchi xonimdan faqat yaxshilik kutadi. U ayol kishida har qachon onalik tuyg’ulari, aql-farosat ustuvor bo’lishiga ishonadi.

AQSh-Qirg’iziston munosabatlari izga tushishi uchun yangi elchi nima qilishi lozim?

“U kishi bizning tariximizni chuqur o’rgansinlar - biz kimmiz, ildizimiz qayerdan kelayapti. Nima biz uchun yaxshi, nimani yomon, deymiz. Shuni bilsa, kerak emas narsalarga bosh suqmaydi”, - deydi Salima Sharipova.

Ushbu arbob fikricha, AQSh inson huquqlarini ta’minlash shiori ostida o’zga jamiyatlar madaniyatiga zid ko’rinishlarni targ’ib qilmasliklari lozim.

“Ilm-ta’lim sohasida hamkorlik uchun keng imkoniyatlar mavjud. Amerikaning ko’p yo’nalishlarda ilg'or marralarda turgani hammaga ma’lum”, - deydi suhbatdosh.

XS
SM
MD
LG