AQSh-Qirg'iziston aloqalardagi taranglik o'tkinchi, deydi siyosatdonlar


Bishkek

Bishkek

Bishkek-Vashington munosabatlari tarang. AQSh Davlat departamenti jalol-obodlik inson huquqlari himoyachisi Azimjon Asqarovni nufuzli sovringa loyiq deb topishi Qirg’iziston hukumatida norozilik uyg’otdi. O’ziga xos javob tariqasida Bishkek AQSh bilan tuzilgan ko’mak dasturlari uchun imtiyozlarni ko’zda tutuvchi bitimni bekor qildi. Vashington esa har qanday sharoitda ham Qirg’iziston bilan do’stona aloqalarni davom ettirish niyatini bildirmoqda.

“Amerika Ovozi” Qirg’iziston parlamenti deputatlari hamda mahalliy siyosatshunoslar bilan bog’landi.

Amerika Qirg’izistonning Rossiya tomon og’ishidan norozi va turli yo’llar bilan Bishkekka bosim o’tkazishga urinmoqda, degan fikr mahalliy rasmiy doiralarda tobora ildiz otayotir. AQSh davlat departamenti Azimjon Asqarovni nufuzli sovrin bilan taqdirlashi Bishkekda aynan shu yo’sinda qabul qilingan.

"Men Vashingtonni inson huquqlari himoyachisining taqdiri juda ham tashvishga solayotgani bois uning tarafini olayapti, deb aytolmayman. O’z navbatida Bishkek “ichki ishlarimizga aralashmang”, qabilida chora ko’rdi”, -deydi siyosatshunos Japar Birimkilov.

Qirg’iziston parlamenti deputati Anvar Ortiqov nazarida, AQSh Qirg’izistonning Rossiya yetakchi bo’lgan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirganidan noroziligini namoyish etmoqda.

Yana bir deputat, sobiq ombudsmen Tursunboy Bakir o’g’li bitimni bir tomonlama bekor qilish - hissyotlar ostida, shoshma-shosharlik bilan qabul qilingan qaror, deb hisoblaydi.

“Agar norozilik bildirmoqchi bo’lsa, buning boshqa yo’llari ham bor edi”, - deydi Bakir o’g’li.

Suhbatdoshga kora, ko’p jihatdan imkoniyati cheklangan Qirg’iziston AQSh, Rossiya, Xitoy va Yevropa bilan birdek ijobiy aloqa qilib, ulardan foydalana bilishi darkor.

“Menimcha, Bosh bazir Temir Sariyev 2017-yilda o’tkaziladigan prezident saylovlarini ko’zlayotganga va bu qadami bilan Moskvaga “meni qo’llasangiz, Vashingtondan nari bo’lib, to’liq sizlar bilan bo’lamiz”, deya imo qilayotgan ko’rinadi”, - deydi deputat.

Siyosatshunos Japar Birimkilov ham Bishkekning demarshi uzoqni o’ylamay ko’rilgan tadbir, deydi. Uning firkicha, bu - Moskva ta’siri.

Japar Birimkulov deydiki, Bishkek bekor qilgan bitim aslida har ikki tomon uchun jiddiy ahamiyatga ega emas.

“Ha, bundan buyon AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi Qirg’izistonda daxlsizlik yoki boshqa imtiyozlardan mahrum bo’ladi. Biz ham qaysi bir grantlarni ololmasmiz. Ammo aslida AQShning moddiy yordami ta’lim, sog’liqni saqlash, inson huquqlari kabi gumanitar sohalarga yo’naltirilgan bo’lib, sanoat yoki qishloq xo’jaligi rivojini kozda tutmagan. Demoqchimanki, moddiy yordam qisqaradigan bo’lsa, bu Qirg’iziston salohiyatiga katta ziyon yetkazmaydi”, - deydi siyosatshunos Birimkulov.

“Amerika Ovozi” bilan suhdatlashgan deputatlar va siyosatshunoslar keskin o’zgarish kutmaydi. Ammo rasmiy Bishkek ham, Vashington ham kerakli xulosalar chiqarishiga umid bog’laydi.

“Bishkek Amerikadan qo’l uzmaydi, ammo Moskva maslahati bilan ish ko’radi”, - deydi Tursunboy Bakir o’gli.

Uning ta’biricha, Qirg’izistonning AQShdagi elchixonasini tajribali diplomat boshqarishi lozim.

“Negadir bu lavozimga yosh jurnalistni loyiq ko’rishdi, avval ham elchi qilib qalamkash Zamira Sidiqova tayinlangandi. Vaholanki, AQShdagi elchixona oldida katta vazifalar turadi. Qirg’iziston o’z pozitsiyasini aniq-ravshan ifoda etishi va himoya qila bilishi muhim”, - deydi suhbatdosh

“Qirg’iziston va Amerika Qo’shma Shtatlari munosabatlari keskin o’zgarmaydi. Bishkek ogoh etuvchi ishora qildi va boshqa gap qilmaydi. Ehtimol, AQSh xalqaro moliyaviy tashkilotlar yoki boshqa davlatlar orqali qandaydir harakat qilar, lekin bevosita o’zaro aloqalarga putur yetkazuvchi qadam qo’ymaydi”, - deydi siyosatshunos Japar Birimkulov.

Aksar suhbatdoshlar deydi-ki, o’zaro munosabatlarda hozirda mavjud taranglik o’tkinchi. Aloqalar barqaror tus olishidan har ikki tomon manfaatdor.

XS
SM
MD
LG