Qirg'iziston ziyolilari: Amerika o'zgarmoqda


AQShning Bishkekdagi elchixonasi

AQShning Bishkekdagi elchixonasi

Markaziy Osiyo ommasi AQShdagi prezident saylovlarida Donald Trampning g’alabasini qiziqish bilan muhokama qilmoqda. Xabarlarga ko’ra, Qirg’iziston prezidenti Almazbek Atambayev birinchilardan bo'lib Vashingtonga tabrik telegrammasi yuborgan.

Oq uyning yangi xo’jayini bo'ladigan nomzodning saylov jarayonida ol’ga surgan reja-maqsadlari haqida qirg’izistonlik mutaxassislar nima deydi?

“Amerika ovozi” mahalliy siyosatshunoslarning o’y-fikrlariga quloq tutdi.

“Nafaqat amerikaliklar, balki tashqi dunyo ham AQShda o’zgarishlar darkorligini sezib turibdi. Nazarimda, saylovchilar shunday umidlarini Donald Tramp bilan bog’lab, u uchun ovoz berdi”, - deydi o’shlik jurnalist, dramaturg, teatr rejissori Erkin Boynazarov.

Suhbatdosh jahonda yetakchilikka da’vo qilayotgan Amerika aslida muammolarni mamlakat ichidan, ichki hayotidan izlashi lozim, degan fikrni olqishlaydi.

“Janob Trampning NATO blokiga ajratilayotgan sarf-xarajatlarni ozaytirish chaqiriqlari, “biz hamma bilan hamkorlik qilamiz, ziddiyat qilmaymiz”, degan va’dalari meni ancha tinchlantirdi”, - deydi Erkin Boynazarov.

Suhbatdosh fikricha, agar Tramp ma’muriyati chindan ham AQSh tashqi siyosatida ijobiy siljishlar qilmoqchi bo’lsa, Rossiya bilan aloqalarni yo’lga solishi maqsadga muvofiq.

“Bunday qadam Rossiya bilan qadimdan yaqin bo’lgan Markaziy Osiyo o’lkalari uchun ham foydali bo’lar edi”, - deydi Boynazarov.

Tahlilchi Mahmudjon Qozoqboyev respublikachi Donald Tramp ma’muriyati AQShning ichki va tashqi siyosatida jiddiy o’zgarish sodir etishiga ishonmaydi.

“Ehtimol, qay bir tashabbuslar bo’lar ham, ammo “eski hammom, eski tos” qolaveradi. O’zi istagan holda ham, jiddiy ishlarga, tub islohotlarga Trampning qurbi yetmaydi. Kongress, Senat, omma fikriga egalik qiluvchi axborot vositalari yo’l qo’ymaydi”, - deydi tahlilchi.

Moskva yangi ma’muriyat kelishi ortidan Rossiya-AQSh munosabatlari inqirozdan chiqa boshlashiga umid bog’layotgani ma’lum.

“Ammo Tramp kecha o’z intervyusida sanksiyalar kuchaytirilishi lozimligini aytdi, demak, aloqalar iliqlashishiga hali ancha bor”, - deb hisoblaydi Qozoqboyev.

Markaziy Osiyo yo’nalishida ham u Tramp ma’muriyatidan salmoqli tashabbuslar kutmaydi.

Taniqli qirg’iz faylasuf olimi Baxtiyor Abdildayevning aytishicha, zamon o’zgarayapti. Qudratli davlatlar safi o'sayapti, boshqa mamlakatlar ham rivojlanayapti, oyoqqa turayapti.

"Dollarning hukmronligi susayayapti. Demak, Amerika ham o’zgarishi kerak”, - deydi u.

XS
SM
MD
LG