Breaking News

AQSh-Qirg'iziston: ta'lim sohasidagi hamkorlik


AQSh Davlat kotibi Jon Kerri (chapda) Qirg'iziston Prezidenti Almazbek Atambayev bilan, Bishkek, Qirg'iziston, 31-oktabr, 2015-yil.
AQSh Davlat kotibi Jon Kerri (chapda) Qirg'iziston Prezidenti Almazbek Atambayev bilan, Bishkek, Qirg'iziston, 31-oktabr, 2015-yil.

Amerika Qo’shma Shtatlarining Taraqqiyot Agentligi Qirg’iziston maktablari boshlang’ich sinflari uchun 264 ming nusxa bolalar adabiyotini tarqatdi.

Bu haqda o’tgan kuni AQShning Bishkekdagi elchixonasi ma’lum qildi.

Qirg’iz tilida nashr etilgan ushbu kitoblar qiziqarli hikoyalar, ertaklar va topishmoqlardan iborat bo’lib, davlat tasarrufidagi barcha maktablarda tarqatilishi ko’zda tutilgan.

Taraqqiyot Agentligi ishtirokida o’tayotgan “Birgalikda o’qiymiz” atalmish loyiha o’lka umumiy o’quv yurtlarining 60 foizini qamragani aytilmoqda.

Shuningdek, kuni kecha Qirg’iziston mehnat hamda ijtimoiy rivojlanish vaziri bilan hamlorlik masalalarini muhokama qilar ekan, elchi Sheyla Guoltni bolalarni himoya qilish bo’yicha Gaaga Konvensiyasi normalarini tatbiq etishda texnik maslahat ko’rsatishga tayyor ekanini aytdi.

Mahalliy ekspertlar bilim-ta’lim, gumanitar sohadagi aloqalarni Qirg’iziston - AQSh hamkorligining ustivor yo’nalishi, deb hisoblaydi.

O’zgan shahrilik maorif a’lochisi, shahar ayollar kengashining raisasi Matluba Musaboyevaning aytishicha, ayniqsa, ilm-fan sohasida taraqqiy etgan o’lkalar bilan hamkorlik qilish muhim.

“Buning uchun davlatlararo munosabatlar yaxshi bo’lishi lozim”, - deydi suhbatdosh.

Kuzatuvchilarga ko’ra, keyingi yillarda Qirg’izistonda Amerika Qo’shma Shtatlariga tegishli tashkilotlarning faoliyat doirasi ancha toraygan. Jumladan, joylarda bilim-ta’lim, ijtimoiy masalalar bilan shug’ullanuvchi qator nomdor AQSh nodavlat tashkilotlarining idoralari yopilgan yoki dasturlari cheklangan.

Sonunbek Junusbayev Janubiy Qirg’izistondagi yoshlar uyushmalaridan biriga yetakchilik qiladi. Unga ko'ra, AQSh harbiy bazasining Qirg’izistondan chiqarilishi, Bishkekning Amerika tashkilotlariga imtiyozlar ko’zda tutgan shartnomani bekor qilishi ortidan oraga tushgan sovuqlik o’z ta’sirini ko’rsatmay qolmadi.

“Ne bo’lsada, Amerika gumanitar sohada, ayniqsa, ta’lim borasida loyihalarni olg’a surib keldi va davom etmoqda.Yaxshiki, hozirda munosabatlar izga tushayapti”, - deydi Sonunbek.

U AQSh tasarrufidagi nodavlat tashkilotlarning Qirg’izistonda obro’si tushib borayapti, degan fikrlarga qo’shilmaydi. Uningcha, bunday gap-so’zlar ayrim matbuot vositalari tomonidan shakllantirilmoqda.

O’sh shahridagi Ro'dakiy nomli maktab o’lkaning ko’plab boshqa bilim yurtlari kabi AQSh tashkilotlarining grantlari asosida o’z moddiy-texnik bazasini rivojlantirgan. Maktab direktori Manzura Aslanova bir necha yil muqaddam Qirg’iziston muallimlari delegatsiyasi tarkibida AQShda bo’lib, umumiy ta’lim sohasi bilan tanishgan.

“Tajriba almashsak, ko’p narsa o’rgansak bo’ladi. Aytaylik, o’quvchini kasbga yo’naltirish, texnik vositalarni qo’llash masalalarida, dinshunoslik darsini kiritishda”, deydi Manzura Aslanova.

Uning aytishicha, hozirda Qirg’iziston maktablarida darsliklar va umuman turli adabiyotlar yetishmaydi. Bolalarning mutolaaga hafsalasi pasaygan.

“Ushbu bo’shliqni to’ldirish, yosh avlod ehtiyojini qondirishda hamkorlik - ayni muddao”, - deydi maktab rahbari.

XS
SM
MD
LG