Los-Anjeles, etnik-irqiy mojarolardan 20 yil o’tib

  • Amerika Ovozi

Koreyslar do'lonlariga o't qo'yilgan. 1992-yil.

Koreyslar do'lonlariga o't qo'yilgan. 1992-yil.

Bundan 20 yil avval Los-Anjeles shahrida qonli to’qnashuvlar yuz berib, 53 odam halok bo’lgan edi. Binolar vayron qilingan, 1 milliard dollarga teng zarar ko’rilgan edi. Fojia amerikaliklarga katta saboq bo’lgan.

Namoyish va to’qnashuvlar olti kun davom etgan. Ularga sabab bo’lgan hodisa – Rodni King ismli qora tanlini do’pposlaganlikda ayblangan to’rt politsiyachining sud zalidan ozod etilishi bo’lgan. Bu hol shaharda irqiy ziddiyatlarni avj oldiradi.

O’t o’chiruvchi Emil Mak mudhish voqealarni eslaydi:

“Qurol ko’targan to’dalar do’konlarga qarata o’t ochib, odamlarni o’ldira boshlagan. Biz darhol yetib borib, vaziyatni nazorat ostiga olishga uringanmiz. Koreys do’konlari egalari ko’chaga chiqib, qator turib, hujum qilganlarni o’qqa tutgan”.

Ko’plab binolar, qora tanlilarning do’konlari ham vayron bo’lgan.

Dorixona egasi Gil Matyo otishma paytida qanday qochganini eslaydi:

“Uyga kelishim bilan televizorni yoqib, nimalar bo’layotganini tomosha qilganman. Dorixonamga o’t qo’yishgan edi”.

Keyinchalik Matyo dorixonasini qayta qurib bitkazdi. Hali ham shu yerda ishlaydi.

Tartibsizliklar Los-Anjeles janubida boshlangan. Yaqinda “Umid operatsiyasi” deb nomlangan tashkilot mahalliy yetakchilarni mahallalar bo’ylab olib yurdi, shaharni ko’rsatdi. Qayta qurilgan joylar barobarida hamon ta’mir talab binolarga e’tibor qaratdi.

Rebekka Blank Tijorat vaziri muovini. Voqeadan so’ng maktablar yaxshilangan, deydi u.

“Bu yerda ishlayotgan, mahallalarga raislik qilayotgan odamlar mahorat jihatidan ustun. Fojiani ko’rib saboq olgan ular”.

Mashhur musiqachi Kvinsi Jons nomli maktabda o’quvchilar matematika, fizika va san’atdan dars oladi. Kvinsi Jonsning o’zi mahallalarni yaxshilash, irqchilikka qarshi kurash yo’lida hissa qo’shib kelmoqda.

“Madaniyat, urf-odatlar, musiqa, til va non – bularsiz biz kimmiz?" - deydi u.

Yangi maktablar qurildi, do’konlar ochildi. Irqiy munosabatlar ham ancha yaxshi, deydi o’t o’chiruvchi Emil Mak.

“Odamlar bir-biriga yordam qo’lini cho’zdi, aloqalarni yaxshiladi. Bunday voqealar takrorlanmasligi uchun harakat qilayapmiz”.

Rebekka Blank fikricha, iqtisod tiklanishiga hali ancha bor.

“Amerika shaharlarida boshqa bunday to’qnashuvlar bo’lmaydi, deb o’ylaydigan odam Yevropaga yaxshigina bir nazar tashlashi kerak. U yerda namoyishlar tez-tez bo’lib turishi hammaga ma’lum. Hukumatdan norozilik, ishsizlik fuqarolarni g‘azablantiradi. Bizda ham shunday bo’lishi mumkin”.

Barqarorlik va farovonlik uchun harakat qilish nafaqat hukumat, balki oddiy odamlarning ham ishi, deydi Los-Anjeles ahli.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG