Libertarianlar nomzodi prezidentlik bahslarida ishtirok etishdan umidvor

  • Amerika Ovozi

Libertarian partiyasidan prezidentlik uchun nomzod Geri Jonson

Libertarian partiyasidan prezidentlik uchun nomzod Geri Jonson

Demokratlar va Respublikachilar partiyalari syezdi yaqinlashar ekan, uchinchi bir partiya nomzodi prezidentlik saylovi oldidan bo'ladigan bahslarda ishtirok etishga umid qilmoqda.

"Masalalarga e'tibor qaratish kerak. Nomzodlarni nima deyayotganiga", - deydi Libertarian partiyasidan prezidentlik uchun nomzod Geri Jonson.

Nyu-Meksiko shtatida ikki bor gubernatorlik qilgan Jonsonning aytishicha, odamlar yangi qiyofalarni ko'rishni istaydi.

Milliy bahslarda qatnasha olishi uchun u mamlakat bo'ylab o'tadigan beshta so'rovda kamida 15 foiz ovoz to'plashi kerak.

"Hukumat oshkoralikka asoslanishi kerak. Davlat idorasiga saylanish bu bahslashish va masalalar atrofida fikr yuritish demakdir", - deydi Jonson.

Shu paytgacha o'tgan so'rovlarda u olti foizdan to'qqiz foizgacha tarafdor yig'gan. Yashillar partiyasi nomzodi Jil Steyn esa 5 foiz ovoz to'plagan. Agar so'rov faqat Hillari Klinton, Donalt Tramp va Geri Jonson orasida o'tkazilsa, Libertarian partiyasi vakili 12 foiz ovoz olishi mumkin.

Jonsonning aytishicha, bahslarda qatnashish huquqini qo'lga kirita olmasa ham, u va uning vitse-prezidentlik uchun nomzodi Uilyam Veld saylov kampaniyasini davom ettiradi.

Fuqarolik erkinliklarini kengaytirish hamda hukumatni kichraytirish tarafdori bo'lgan libertarianlar kattaligi jihatidan mamlakatning 3-partiyasi sanaladi.

Iqtisodiyot, qurol nazorati va immigratsiya

"Oshkora va samimiy bo'lish kerak. Siyosat va siyosatchilarga ikkinchi o'rinda, masalalarga birinchi navbatda e'tibor qaratish kerak", - deydi Jonson.

Nomzod amerikaliklarning qurol saqlash huquqini qattiq himoya qiladi, ammo davlatning xorijdagi harbiy amaliyotlarda qatnashishini qoralaydi.

Moliyaviy masalalarda esa u soliqlarni kamaytirish tarafdori.

"Agar sehrli tayoqcham bo'lganda, daromad va biznes solig'ini yo'q qilgan bo'lardim. O'rniga yagona federal iste'molchilik solig'ini joriy qilardim", - deydi u.

Libertarianlar, shuningdek, moliyaviy institutlar o'rtasida cheklanmagan raqobat bo'lishini va Soliq idorasi butunlay yo'q qilinishini istaydi.

Immigratsiya masalasida esa Jonson xorijliklarga ishchi vizalari ko'proq berilishi kerak, degan fikrda.

Mamlakatdagi noqonuniy muhojirlar uchun joylarda maxsus markazlar tashkil etilishi va ular orqali qonunni buzmagan hujjatsiz shaxslar ish vizasi dasturiga o'tkaziilishi kerak, deydi u.

Marixuanani qonuniylashtirish

Jonson marixuana iste'molini qonuniylashtirish tarafdori. Bu sog'liqqa oid masala, jinoyat emas, deydi u.

Mamlakatdagi giyohvandlikka mukkasidan ketish muammosini tilga olar ekan, buning yechimi bor, deydi nomzod.

Unga ko'ra, odamlar me'yordan ortiq marixuana iste'mol qilishining oldini olish kerak.

"Giyohvand moddalar sifatini, dozasizni tekshiradigan laboratoriyalar ochilishi kerak. Odamlarga toza ninalar berilsa, ninasiz dastur yo'lga qo'yilsa, OITS va gepatit C kabi kasalliklar yuqishi ehtimoli ancha kamayadi", - deydi u.

Jonson fikricha, 2016-yilgi saylov Amerika xalqini Libertarian partiyasi bilan yaqindan tanishtirish uchun yaxshi imkoniyat. Klinton va Tramp obro'sining aholi orasida ancha past ekani hisobga olinsa, amerikaliklar uchinchi partiya nomzodlariga yaxshiroq e'tibor qaratishi mumkin, deya umid qilmoqda nomzod.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG