Pentagon: Suriyadagi kimyoviy hujumlarda Rossiyaning qo'li bor

  • Amerika Ovozi

Kimyoviy qurollardan jarohatlangan suriyalik bola, Turkiya kasalxonasida

Qo'shma Shtatlar nazarida Suriyada hukumat muxolifatni quvvatlayotgan aholiga nisbatan Idlib viloyatida kimyoviy qurollar qo'llashida Rossiyadan yordam olgan. 100 ga yaqin kishi o'lgan. AQSh bunga javoban 7-aprel kuni Suriyadagi harbiy inshootni havodan nishonga oldi. Maqsad, deydi Prezidenti Donald Tramp, yovuz hukumatni strategik vositalardan ayirish.

Pentagon, Mudofaa vazirligi, tahlilicha, Suriya rahbari Bashar al-Assad zaharli gazlar qo'llashga qaror qilar ekan, har doimgidek azaliy ittifoqchisi Rossiyaga tayangan. Kreml Assadning bu qora ishlaridan xabardor, deydi Pentagon rasmiylari.

Kreml bu da'volarni qa'tiyan inkor etib, Vashingtonni xalqaro qonunlarni buzganlikda va Rossiyaga nisbatan tuhmatda ayblamoqda.

​Oxirgi marta zaharli gazlar 2013-yilda ishlatilgan va Amerika o'shanda Assadga qarshi urush e'lon qilishiga sal qolgan edi. Rossiya oraga tushib, uni himoya qilgan va kimyoviy qurollar tag-tugi bilan yo'q qilinadi, deya xalqaro hamjamiyatga va'da bergan edi. BMT o'shanda Assad fuqarolarga qarshi man etilgan kimyoviy vositalar qo'llaganini tasdiqlagan.

Pentagon, Virjiniya shtati
Pentagon, Virjiniya shtati

Damashq va Moskva dunyo oldida so'z bergan edi, deydi AQSh qo'mondonlari. Kreml hozirgi vaziyat uchun javobgarlikni bo'yniga olishi kerak yo Assad uning nazoratidan chiqqanini tan olib, uni ortiq himoya qilmasligi lozim, deydi rasmiylar.

Xon Shayxon shahrida 4-aprel kuni aholi zaharlangan. Zarin gazi qo'llangan. U har tomonlama man etilgan vosita bo'lib, odamni majruhlantiradi va o'ldiradi.

Amerika havo kuchlari nishonga olgan aerodromda Rossiyadan aynan kimyoviy mutaxassislikka ega zobitlar bo'lgan.

Pentagon kimyoviy hujumlar qilinganini isbotlovchi dalillarga ega ekanini qayd etmoqda.

Suriya hukumati esa muxolifatga, ya'ni "terrorchilar"ga qarshi urushni davom ettirayotganini bayon etib, AQShni ularning oldini olayotganlikda ayblamoqda. Urushda odatiy qurollar ishlatilmoqda, man etilgan vositalar emas, deya bildiradi Damashq rasmiylari.

AQSh nishonga olgan aerodrom, Suriya
AQSh nishonga olgan aerodrom, Suriya

Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedev
Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedev

Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedev deydiki, Suriyadagi vaziyat sabab Vashington va Moskva to'qnashishiga sal qoldi. Prezident Tramp kuch ishlatishga buyruq bergani bois Kreml Oq uy bilan aloqani uzgan. Suriya bo'yicha har qanday kommunikatsiya to'xtagan.

Pentagonning bayon etishicha, Suriyadagi aerodromga qarshi harakatda kimyoviy qurollar turgan omborlar chetlab o'tilgan, chunki zahar tarqalishi muqarrar. "Tomahawk" rusumidagi raketalar eng ilg'or vositalar bo'lib, o't aniq nishonga oladi.

Kamida 20 jangovar samolyot, omborlar, o'q-dori bunkerlari va radarlar barboqilingan.

Biroq "Shayrat" nomli aerodrom faoliyati to'xtamagan. Hims shahridagi janglarda u muhim rol o'ynashda davom etmoqda.

Oq uy navbatdagi qadamlar ustida bosh qotirmoqda. BMTdagi elchi Nikki Heyli deydiki, Amerika qarab turmaydi va kattaroq hujumlarga shay. Siyosatdonlar puxta strategiya, uzoqni ko'zlovchi va Suriya kelajagini hisobga oluvchi reja ishlab chiqish kerak, deya undamoqda. Tramp ma'muriyati bu borada xalqaro hamjamiyat bilan yaqindan ishlashga tayyor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG