Breaking News

AQSh Fransiyaga Malida ekstremistlarga qarshi urushda yordam beradi


Fransiya Mali shimolida jangarilarga zarba berar ekan, Vashington bu harakatlarni qo’llab-quvvatlamoqda.

Kundalik Eshittirish
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:30:00 0:00
Yuklab oling

Qo’shma Shtatlar harbiy yordam uzatishi, transport va razvedka borasida ko’maklashishi haqida ma’lum qilmoqda. Biroq Obama ma’muriyati nazarida Afrikadagi bu davlatda ziddiyatni hal qilishning siyosiy yo’li ham bo’lishi kerak.

Departament matbuot kotibasi Viktoriya Nuland so’zlariga ko’ra, Fransiya Malida al-Qoida bo’linmalariga qarshi amaliyot uchun yordam so’ragan va Vashington iltimosni ko’rib chiqmoqda.

Uning aytishicha, Obama ma’muriyati shu hafta Afrikaga harbiy trenerlarni jo’natib, Maliga qo’shni davlatlar askarlari malakasini oshirishi mumkin. Qo’shnilar poytaxt Bamakodagi muvaqqat hukumatni tirab yuborish maqsadida birgalashib bir necha ming askar yuborishi rejada.

BMT Xavfsizlik Kengashi va G’arbiy Afrika iqtisodiy hamjamiyati mana bir necha oydirki masalani muhokama qilib keladi. Lekin kim qancha zobit jo’natadi, qancha vaqtga, xarajatni kim ko’taradi qabilidagi savollar bois muzokaralar sust kechayotgan edi. Xalqaro hamjamiyat sentabrda qo’shin jo’natishni chamalab turgan, biroq jangarilar shimoldan janubga ham o’ta boshlagach, ortiq kutish mumkin emas edi.

“Isyonchilar janub tomon siljiy boshlaganida hamma hushyor tortdi”, - deydi Davlat departamenti so’zlovchisi Viktoriya Nuland. “Mali hukumati chetdan madad so’rashga majbur bo’ldimi, endi nafaqat Fransiya, balki qo’shnilar ham javob berishi kerak. Hozir diqqat ana shunda. Bilishimizcha, g’arbiy Afrika davlatlari yengini shimarib, yechim izlashga kirishgan”, - deydi Nuland.

G’arb shikoyati shundan iboratki, Malidagi al-Qoida bo’linmalari bu yerdan turib Afrikadagi boshqa davlatlar va Yevropada terror xurujlarini amalga oshirib keladi. O’tgan yilning boshida hukumatning shimoldagi isyonchilarga qarshi sust siyosatidan norozi armiya bosh ko’targan, oradan ko’p o’tmay muvaqqat hukumat tayinlangan edi. Beqarorlikdan foydalangan jangarilar kengroq hududlarni egallashga muvaffaq bo’lgan. Bu yurt shimolida kattaligi Afg’onistonday keladigan hudud hozir ektremistlar qo’lida va shariat qonunlari keskin tarzda joriy etilgan.

Fransiya sobiq mustamlakasi bo’lmish Malida isyonchilarni havodan nishonga olib, ancha chekinishga majbur qilgan, lekin kecha qo’zg’olonchilar Diabali shahrini egalladi. Bu manzil poytaxtdan 400 kilometr uzoqda.

Nuland so’zlariga ko’ra, Malidagi mojaroga faqat harbiy yo’l bilan yondashish to’g’ri emas.

“Xavfsizlik choralarini yoqlagan holda Malidagi kuchlarni ommaviy saylovlarga hozirlik ko’rishga chorlayapmiz. Saylov shu yilning aprelida o’tishi, xolislik, tenglik, oshkoralik kabi tamoyillarga amal qilinishi kerak”, - deydi Viktoriya Nuland.

Demokratik jamiyat qurish, shimoldagi yo’qsil jamoalarning dardiga quloq tutib, talablarini qondirish, isyonchilarni terrorizmdan yuz o’girishga ko’ndirish kabi vazifalar yechimini kutayapti, deydi u.

“Isyonchilar safida faqat zo’ravonlik yo’lini tanlagan ajnabiylar, jamiyatdagi kambag’allikdan to’yib, qurol ko’targan insonlar, hukumatdan norozi bo’lib, boshqa chora topolmasdan ektremistlar tomoniga o’tgan odamlar bor”.

Ixtilof natijasida yuz minglab fuqarolar uyini tashlab qochishga majbur bo’lmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG