Ayollarni yangi hayotga boshlayotgan tashkilot

  • Amerika Ovozi

AQShning Merilend shtatidagi Baltimor shahrida boshpanasiz odamlar va narkomanlar boshqa shtatlarga qaraganda ko’proq. 4000 dan ziyod uysiz bu aholining uchdan biri giyohvand ayollar. Ularning ruhini ko’taruvchi tashkilot bor - “Marian House” deb ataladi. O’ttiz yildan buyon xotin-qizlar bu yerda davolanib, maslahat oladi, vaqtincha bo’lsa-da, qo’nim topadi. So’ngra yangi, mustaqil hayotga qadam qo’yadi.


Baltimordagi ko’pgina ayollar “Marian House”da panoh topgan.

“Geroin, kokain. Bangi qiladigan hammasini sinab ko’rdim. Boshim devorga urilmaguncha. Yaxshi, yo’limda “Marian House” uchradi”, - deydi Robin.

U bu tashkilotdan yordam olgan ming ayoldan biri. Mana o’ttiz yildirki, bu yerga kelgan xotin-qizlar davolangach, yangidan hayot boshlaydi.

Avvaliga qamoqdan chiqqan ayollar uchun ochilgan bu dargohda hozir qiyin ahvolga tushib qolgan qiz-juvonlarga yordam beriladi.

Ularga dalda beramiz, har qanaqasiga yordamlashamiz, deydi dastur rahbari Keyti Olston:

"Muhtoj ayollar uchun qo’nalg’a. Ular boshiga nimalar tushmagan: zo’rlanish, kaltaklanish, jinsiy tajovuz, ruhiy kasallik, narkomaniya. Hammasi. Biz o’zimizni davolanish va tiklanish jamiyati deb ataymiz”.

Kasandra “Marian House”ga kelishdan oldin nasha, ichkilikdan boshi chiqmagan.

“Yomon erkak bilan o’ralashib qoldim. U meni urardi. Yoshi ancha katta edi. Oxirgi mushtlashishda doktorlar aralashishga, yuzga chok tortishga majbur bo’lishdi. Qoshdan bo’yingacha,” - so'zlab beradi ayol.

“Marian House” loyihasiga kirish oson emas.

“Juda qiyin. Bir necha marta suhbatdan o’tasiz. Turli odamlar bilan uchrashasiz, ular sizga jiddiy savollar beradi. Hayotingni o’zgartirishga tayyormisan, deb savolga ko’madi. Boshqa hech qanday iloj qolmaganidan keyin bu yerga keladi odam,” - deydi Kasandra va bizga o’z xonasini ko’rsatadi.

“Xush kelibsiz, bu mening xonam. Avvaliga kichikrog’ida turasiz. Kengroq xona bo’shaganidan keyin, ko’chishga ruxsat beriladi – xulqingizga qarab, albatta. Taxminan yarim yildan keyin. O’zingizni qancha yaxshi tutsangiz, shuncha kattaroq xonaga ega bo’lasiz”.

Alston bu hayotni talabalar yotoqxonasiga qiyoslaydi. Ammo bu yerda qoidalar jiddiy.

“Aytilgan vaqtda xonada bo’lish kerak, hammani ham mehmonga chaqira olmaysiz. Endi kelganida ayol birinchi hafta hech qayerga chiqmaydi. Binoda qolishi shart. Keyin tashqariga chiqishga ruxsat oladi. Asta-sekin ko’chada uzoqroq yurishi mumkin,” - tushuntiradi Olston.

“Ayollar dasturning barcha mashqlarda qatnashishi shart. Masalan, ruhshunos bilan terapiya suhbatiga kelmasa, yozma ravishda tanbeh oladi”.

Olston dasturni yakunlagan xotin-qizlar haqida g’ururlanib gapiradi. Ularni mard, o’ktam, deya maqtaydi:

"Tog’ uchidan jarga sakrash bilan barobar bu. Eski hayotni ortda qoldirish kerak. Yangi hayot qanday bo’lishi esa noma’lum. Hayotni tubdan o’zgartirish osonmas, axir! Shiorimiz - mustaqil hayot. Ayollarga qaramlikdan mustaqillikka chiqishni o’rgatamiz”.

“O’smirligimda turmush qurishni, shinam uyim, kuchugim bo’lishini orzu qilganman. Endi xomxayol bilan yashash yo’q. Vaqt ko’rsatadi, deyman o’zimga. Lekin g’ayratim ko’p,” - deydi Kasandra.

“Bu shodlik ko’z yoshlari. O’zimdan faxrlansam arziydi. So’nggi 13 oyda shuncha narsaga erishdim. Yutuqlarimning eng muhimi – tinch-osoyishta hayot. Shunisi kerak menga,” - deydi "Marian House"da yashayotgan yana bir ayol Tagerin.

Qo’shma Shtatlarda yana minglab ayollar og’ir sharoitda yashayotgani sir emas, lekin bunday yordam, qo’nar joy topish ham mushkul.

“Ayrimlar bunday manzillar borligini bilmaydi. Boshqalar hayotini o’zgartirishga tayyor bo’lmasligi mumkin. Vaqti soati kelib ular ham eski odatlaridan qutulib, huzurimizga keladi”, - deydi dastur rahbari Keyti Olston.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG