Breaking News

AQSh kinoteatrida otishma, 12 kishi halok bo'lgan


AQShning Kolorado shtati, Denver shahri yaqinidagi kinoteatrda otishma ro’y berib, 12 kishi halok bo’lgan, 38 nafari jarohatlangan. Guvohlarning aytishicha, maska taqib olgan shaxs ko’zni yoshlantiruvchi gaz kanistrini uloqtirib, odamlarni birma-bir o’qqa tutgan.

Fojia Kolorado shtatining Avrora shahrida yuz berdi. Politsiya boshlig’i Den Outsning aytishicha, Batman – “Qora Ritsar” filmining tungi premyerasi paytida qora maskali kishi zalda paydo bo’lib, odamlarni otgan.

“Voqea joyiga yetib borganimizdan keyin, hujumchini kinoteatr orqasidagi parkovkada qo’lga oldik. Yonida gaz maskasi, miltiq va pichoq bor edi. Kinoteatr ichida ham qurol topildi. Otishma bir necha daqiqa davom etgan ko’rinadi”, - deydi politsiyachi.



Hibsga olingan shaxs 24 yoshda, Jeyms Xolms. Yaqinda tibbiy ta'lim dargohida o'qishni tashlab ketgan. Federal Qidiruv Byurosi ayni paytda uning uyida tintuv olib borayapti. Hodisa biror terror guruhiga aloqador ekanini isbotlovchi dalillar hozircha yo'q, deydi rasmiylar.

Mahalliy matbuotga ko’ra, jarohat olganlar orasida 3 oylik bola ham bor. 10 kishi kinoteatr ichida halok bo’lgan, yana ikkisi kasalxonada.

Politsiyaning aytishicha, hujumchining o’q o’tmaydigan jileti bo’lgan, bir o’zi harakat qilgan. Kinozalga orqa eshikdan kirgani taxmin qilinadi. U avvalo havoga o’q uzdi, qiy-chuv boshlangach hammani ota boshladi, deydi guvohlar.

Prezident Barak Obama Floridada rejalagan saylovoldi targ'ibot ishlarini bekor qilgan. U Amerika ahlini qurbonlar oilalarini qo'llab yuborishga da'vat etmoqda. Xalq "g'am-g'ussaga botgan" deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG