Kaliforniyada noqonuniy tug'ruqxonalarga qarshi kurash

  • Amerika Ovozi

AQShning turli shtatlari, masalan, Kaliforniyada mehmonxona turidagi noqonuniy tug’uruqxonalar ko’paygan. Mijozlar - Osiyodan kelgan homilador ayollar. Farzandim Amerika fuqarosi bo’ladi, deb ular minglab kilometr yo’l bosib keladi. Los-Anjeles shahar rahbariyati bunday klinikalarga qarshi kurash boshlagan.


Los-Anjeles chekkasida joylashgan tug’uruqxona yaqinda yopildi. Guvohnomasi yo’q muassasa osiyolik juvonlarga AQShga kelib, farzand ko’rishda yordamlashgan. Kaliforniyada bunday joylar ko’p va internetda keng reklama qilinadi. Konstitutsiyaga ko’ra, Amerikada tug’ilgan bola – fuqaro.

Bu qonunga xilof emas, deydi huquqshunos Kartik Ramakrishnan:

"Qo’shma Shtatlarda bola tug’ish va oqibatda fuqarolikni olish uchun kelayotganlarga viza bermaslik haqida qonun qabul qilish mumkin. Hozircha bunday qonun yo’q”.

Mahalliy rasmiylar esa guvohnomasi bo’lmagan klinikalar faoliyati nolegal, deydi. Los-Anjeles yaqinidagi Chino Xills shaharchasida ham bunday tug’uruqxonalar yopilmoqda.

Rosanna Mitchell shahar rahbariyatiga shikoyat qilib borgan fuqarolar advokati:

“Qo’snhilar bu yerga zo’r mashinalar kirib-chiqayotganiga guvoh bo’lgan. 7-8 homilador ayolni ham ko’rgan va shikoyat qilishga qaror qilgan”.

17 palatali noqonuniy kasalxonada kamida 30 juvon bo’lgan. Sanitariya va xavfsizlik choralari talablarga javor bermasligi aniqlanib yopilgan. Kelib chiqishi xitoylik Lu Alfonso osiyoliklar yomon otliqqa chiqarilayotganidan xavotirda:

“Chino Xills shahrida xitoylik amerikaliklar orasida halol, mehnatkash va tinchliksevar fuqarolar ko’p. Biz bu tug’uruqxonalarga qarshimiz. Birovlarni deb hammamizning obro’miz to’kilayapti. Men shundan tashvishdaman”.

Chino Xills shahrining Xitoy-Amerika uyushmasi vakili Vay-Min Liu klinikalarni yopish kerak, deydi:

“Biz bunday amaliyotlarni qoralaymiz. Ularga qarshimiz. Hukumatdan tegishli chora ko’rishni so’raymiz”.

AQSh bo’ylab nechta noqonuniy tug’uruqxona borligini aytish qiyin. Kaliforniyada ayrimlar fikricha, Amerikaga tug’ish maqsasida kelish amaliyotiga chek qo’yish kerak. Buning uchun Kongress konstitutsiyaga tuzatish kiritish masalasini ko’rib chiqsin, deydi ular.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG