150 yil avval ochilgan tibbiyot muzeyiga sayohat

  • Amerika Ovozi

AQShdagi eng qadimgi muzeylardan biri tibbiy texnologiyalar, shu jumladan bir necha asr oldin odamlarni davolash va kasalliklarni o’rganishda qo’llanilgan vositalarga bag’ishlangan. Odam suyaklaridan tortib organlargacha – Vashingtondagi Salomatlik va tibbiyot muzeyida hammasini ko’rish mumkin. Yaqinda uning ochilganiga 150 yil to’ladi.

Tanasi yopishgan egizaklar – noyob eksponat… Odam anatomiyasini, tibbiyotni tushunish, o’tmishdan saboq olib, kelajakka hozirlanish va noyob ma’lumotlarni keng ommaga namoyish qilish – ushbu muzeyning ezgu maqsadi.

Jarrohlik asboblari va mikroskop 1860-yillarda ishlatilgan, yangi kasalliklarni aniqlash imkonini bergan.

Jim Korli - muzey xodimi:

“Qizig’i shundaki, bu yerdagi har bir narsa alohida tarixga ega. Ishimning eng zo’r tomoni ham shunda – bu eksponatlarni o’rganish, kelib chiqishi va o’tmishdagi ahamiyatini tushunish”.

Maktab o’quvchilaridan tortib tibbiyot sohasi xodimlarigacha – muzey hamma uchun qiziq. Odam tanasini ko’rish, kasalliklar haqida tasavvurga ega bo’lish mumkin. Masalan, mana bu, fillik kasalligiga chalingan odam oyog’iga qarang. Asosan tropik iqlimda uchraydogan xastalik.

Muzeyda hammaso bo’lib 25 mingta eksponat bor. Ichki organlar, suyaklar… Odam skeletidan 5000 ta.

Tim Klark – muzey direktori muovini:

“Mana bu skelet fazoga uchgan birinchi hayvonga tegishli. Abel ismli maymun 1959-yilda qisqa vaqtga kosmosga olib chiqilgan”.

AQSh harbiylari o’rgangan, tadqiqotlarda ishlatgan narsalar ham bor bu yerda.

Masalan, 1865-yilda prezident Avraam Linkolnning hayotiga zomin bo’lgan o’q…

Klark deydiki, muzeyga kelganlarga armiyaning tibbiyot sohasi taraqqiyotiga qo’shgan hissasi haqida ma’lumot beriladi.

“Jang maydonlarida olingan saboqlar yangi avlod shifokor va jarrohlar tomonidan qo’llanildi. Bu ilm-fan va tibbiyotning katta sur’atlar bilan rivojlanishi uchun asos bo’ldi”.

Miya jarohatlariga bag’ishlangan alohida ko’rgazma bor.

Andrea Shirkolk - muzey xodimlaridan:

“Miyaga bag’ishlangan eksponatlar orqali biz bir narsani namoyish qilish niyatidamiz: miyadagi jarohatlarni ko’rib bu yerga kelganlar miyaning qanday ishlashini, jarohatlar odamda qanday ruhiy va jismoniy o’zgarishlarga olib kelishini tushunsin”.

Maykl Kozer oila a’zolari bilan muzeyni tomosha qilmoqda.

“Bu yerda ko’rganlarimiz juda qiziq. Odam anatomiyasini o’rganishga yordam beradi. Muayyan jarohatlar qanday asoratlarga olib kelishini ko’rdik”.

Muzey xodimlari eksponatlar sonini ko’paytirishga, noyoblarini topishga shay. Bu yosh avlod bilimini oshirishga yordam beradi, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG