Qatliomlar ketidan AQShda ruhiy salomatlikka e’tibor oshgan

  • Amerika Ovozi

Sendi Xuk maktabidagi fojia butun dunyoni larzaga soldi

Sendi Xuk maktabidagi fojia butun dunyoni larzaga soldi

O’tgan oy AQShning Konnektikut shtatidagi boshlang’ich maktabda yosh bolalar va o’qituvchilarni otib o’ldirgan o’smir ruhan kasalmidi? Bu savolga hali aniq javob yo’q. Biroq fojia mamlakat bo’ylab ruhan kasallarga ko’rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatiga e’tiborni oshirdi. Bu programmalarga ko’proq mablag’ ajratish zarur, deydi shifokorlar.


So’nggi yillarda AQShda bir necha ommaviy otishma yuz berdi.

2011-yili Arizonada Jared Lofner ko’chada odamlarga qarata o’q uzib, 6 kishini o’ldirgan. Yaralanganlar orasida Kongress a’zosi Gabriel Gifford ham bor edi.

2012-yil yozida Kolorado kinoteatridagi fojia 12 odam hayotiga zomin bo’ldi. O’nlab nafari jarohatlandi.

Kaliforniya, Viskonsin, Vashington shtati va Minnesota ham ommaviy qotilliklarga guvoh bo’lgan. Har bir voqeadan so’ng qotillarni yaqindan bilgan-taniganlar ularni nafratga to’lgan, yolg’iz, hatto ruhiy kasal deya ta’riflab berdi.

Konnektikutda 6-7 yoshdagi bolalar qoni to’kilgani dunyoni larzaga soldi. Ko’plab amerikaliklar ruhiy kasalliklardan davolanish tizimini qayta ko’rib chiqishni so’ramoqda.

Ruhshunoslar koalitsiyasi prezident Obama va Kongressga yo’llagan maktubida sog’liqni saqlash sistemasida o’zgartirishlar qilish, zo’ravonlik hollariga chek qo’yishning yangi yo’llarini topish tilga olinadi.

Koalitsiyaga Ron Mandershayd boshchilik qiladi.

“Ruhiy kasallikka chalinganlarning bor-yo’g’i uchdan biri, narkotik moddalarni iste’mol qiladiganlarning esa 10 foizi davolanishga boradi”.

So’nggi yillarda AQSdagi ruhiy kasalxonalar va narkomanlarni davolaydigan maskanlarga ajratiladigan mablag’ keskin kamayib ketgan.

Maktub mualliflari tibbiy dasturlarni kengaytirish barobarida o’qituvchilar uchun ruhiy kasallik alomatlarini aniqlashni o’rgatuvchi treninglar tashkil etishni maslahat beradi.

Shuningdek, avtomat va yarim-avtomat qurollar hamda o’q dorilarni man etish talab qilinyapti.

“Faqatgina psixologik xastaliklar va narkotiklar iste’moli haqida emas, balki qurollar masalasida ham fikrimiz qat’iy. Qurol-yarog’ jamiyat, fuqarolar salomatligiga jiddiy tahdid solayotgan muammo,” - deydii Mandershayd.

Buni qarangki, ayni paytda qurollar savdosi chaqqon.

“Shanba kuni do’konimizga tumonat odam keldi. Hammasi qurol sotib olmoqchi. Ayrimlariga rad javobini ham berdik,” - ddeydi bir do'kon sohibasi.

Mutaxassislarga ko’ra, ruhiy kasallarning jinoyat sodir etishi emas, jinoyatga duchor bo’lishi ehtimoli yuqoriroq. Ko’plar shifokorga ko’rinishidan or qiladi. Jamiyatda kasallarga munosabat o’zgarishi kerak, deydi ruhshunoslar.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG