AQSh-Meksika chegarasida qo'shimcha devor kerakmi?

  • Amerika Ovozi

AQSh prezidentligiga respublikachi nomzod Donald Tramp Amerika-Meksika chegarasi bo’ylab baland devor qurishini aytib, anchagina tarafdor orttirdi. Maqsad noqonuniy immigrantlar va narkotiklarning yo’lini to’sish.

Tanqidchilar bu amalga oshmaydigan taklif desa, boshqalar fikricha chegarani nazorat qilish uchun ana shunday devor zarur. “Amerika Ovozi” chegara hududda bo’ldi.

Uch ming kilometr uzunlikdagi AQSh-Meksika chegarasidamiz. Aholi zichroq yashaydigan ayrim hududlarni po’latdan yasalgan 4,5 metr balandlikdagi to’siq ajratib turadi.

Panjara chegarani kesib o’tish nuqtasidan boshlanib, cho’llargacha cho’zilgan. Patrul mashinalar tez-tez qatnab turadi.

Lekin devor tugagan joylar qattiq qo’riqlanmaydi. O’rtada tikanli sim tortilgan xolos. Kontrabandachilar har oqshom osongina o’tadi bu yerdan, deydi maxfiy kamerasini bizga ko’rsatgan fermer Jim Chilton.

“Hovlim qarshisidan 17 kishi o’tdi, narkotik tashuvchilar”, - deydi u.

Suv so’rab eshik qoqishgan paytlar ham bo’ladi. Eng yaqin politsiya uchastkasi uning ranchosidan bir soatlik yo’l.

“Miltiq bilan o’zimizni himoya qilamiz”, - deydi fermer.

Noqonuniy migrantlar to’siqlarni buzib, o’t yoqib, qoramolni suv bilan ta’minlaydigan quvurlarni kesgan holatlar ham bo’lgan.

Shuning uchun Jim Chilton chegarada devor qurish g’oyasini ma’qullaydi. Odamlar hayotini xavf ostiga qo’yib, dashtliklardan o’tmoqda, deydi u.

“Nazorat kuchaytirilsa, o’lim hollari ham kamayadi”, - deydi otaxon.

AQSh Bojxona va Chegara xizmati rasmiylari bu shikoyatlardan xabardor.

“Janubi-g’arbiy chegarani agentlarimiz haftada yetti kun qo’riqlaydi”, - deydi patrul boshlig'i Pol Bison.

Uning qayd etishicha, kontrabandachilar ham qo’lga tushmaslik uchun yaxshigina jihozlangan.

“Tepaliklarda, tog’ cho’qqilarida o’z odamlarini qo’yishgan. Biz ularni, ular bizni kuzatishadi”, - deydi chegarachi.

Ommaviy so’rovlarda chegara nazorati doimo muhim mavzular qatorida sanab o’tiladi. Ammo oxirgi so’rov natijasiga qaraganda, Meksika tomonda aholining 86 foizi, Amerikada fuqarolarning 72 foizi o’rtada qo’shimcha devor qurilishini istamaydi.

Rendi Mayer singari huquq faollari mavjud to’siqlarni Meksikaga nisbatan haqorat deb ta’riflaydi.

“Qo’shni davlatga hurmat shunchalikmi? Ular bilan do’stona aloqada bo’lishimiz kerak”, - deydi Mayer.

Chegara hududda yashovchi chorvadorlar ham bu gapga qo’shiladi, lekin ular uchun qonunlar ijrosi birinchi o’rinda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG