Breaking News

Meksikada yashashni ma'qul ko'rayotgan amerikaliklar


Meksikaning sohilbo'yi hududlari bag'oyat go'zal, lekin bu jamiyat ko'p jihatdan qashshoqlik va jinoyat domida
Meksikaning sohilbo'yi hududlari bag'oyat go'zal, lekin bu jamiyat ko'p jihatdan qashshoqlik va jinoyat domida

Narko-kartellar va jinoiy to’dalar bilan urush ketayotgan Meksikada so’nggi besh yilda 40 ming odam jon bergan. Bu mamlakatga tegishli xabarlar asosan vahshiy qotilliklar va kartellar orasidagi janjallar haqida. Shunga qaramay, dam olish yoki yashash uchun Meksikaga ko’chib ketayotgan amerikaliklar soni ortib bormoqda. U yerdan mol-mulk sotib olayotganlar ko’p, ayniqsa nafaqaga chiqqan fuqarolar orasida.

Bugun Meksikadan kelayotgan xabarlarning aksariyati salbiy. Jinoiy guruhlar orasidagi to’qnashuvlar va vahshiy qotilliklar haqidagi yangiliklar kunning muhim mavzusiga aylangan.

Ammo bu mamlakatga qo’shni AQShdan osuda hayot izlab ko’chib ketayotgan amerikaliklar yo’q emas.

Maykl Boldvin va Stefani Villarol ana shulardan.

"Bir yil bo’ldi ko’chib kelganimizga. Texasning Xyuston shahridanmiz. O’tgan yili yozda bir kelib ketgandik. Shunda yoqib qoldi. Maslahatlashib, doimiy yashash uchun Kabo San Lukasga ko’chdik”,- deydi ular.

Boldvinning aytishicha, Meksikaning xushmanzara tabiati, mo’tadil iqlimi jalb etdi ularni. Pul ham tejash mumkin.

“Xyuston bilan solishtirganda, xarajatlarimiz 30 foizga kamaydi”.

Meksikada yashashni ma'qul ko'rayotgan amerikaliklar
Meksikada yashashni ma'qul ko'rayotgan amerikaliklar

Stefani Villarol yangi joyda tez fursatda do’st-tanish orttirdi. Mahallada jinoyat ham kam, deydi u.

“Qo’shnilarimiz ajoyib, xalqi mehmondo’st. Doimiy yashash uchun ko’chib keldik”.

Meksikaning bu kabi dam olish zonalarida osoyishtalik bo’lsada, mamlakatning boshqa qismlari notinch.

Qo’shma Shtatlar davlat departamentiga ko’ra, Meksikaning 31 shtatidan 14 tasida jinoyatchi to’dalar faol.

Bu kabi hisobotlar doim ham haqiqatga to’g’ri kelavermaydi, deydi Meksika turizm vazirligi rahbari Rodolfo Lopez Negrete.

“Meksika umuman olganda tinch. Mamlakatimizda mavjud 2500 tumandan faqatgina 80 tasida vaziyat yaxshi emas. Ishonmasangiz, turli shaharlarda istiqomat qilayotgan yurtdoshlaringizdan bir so’rang",-deydi u.

“Dam olish zonalarida, sohil bo’yida, o’rmonli tog’larda uy-joy sotib olayotganlarning yarmidan ko’pi amerikaliklar”.

Kris Xill Xyuston shahrida ko’chmas mulk sotadi. Chegaraning u tomonidan uy-joy xarid qilish bobida mutaxassis.

So’nggi bir necha yil ichida bozor bir oz sustlashgani rost. Iqtisodiy krizis birinchi sabab bo’lsa, ikkinchisi - jinoiy guruhlarning faollashuvidir, deydi u.

“Lekin Meksika haqida qulloqqa chalinadigan har xil yomon xabarlar sayyohlarga yoki u yerga ko’chib ketayotganlarga ta’sir qilmaydi", - deydi u.

Qo’shni davlatda mulk sotib olishni rejalagan amerikaliklar uchun hammasi qonuniy ravishda rasmiylashtirilsa bo’lgani.

Chet elda sarmoya qilishning o’ziga yarasha nozik tomonlari bor.

Kris Xill xavotirga o’rin yo’q, deydi.

“Mutaxassislarga murojaat qilsangiz bas. Xuddi AQShda sotib olgandek jarayon”,- deydi savdogar.

Nafaqa yoshiga yetib qolganlar uchun bugun Meksikada yashash ayni muddao.

“Kelajakda Meksika pensiyaga chiqib, qarilik gashtini surmoqchi bo’lganlar uchun sevimli makonga aylanadi. U yerda nafaqat dori-darmon va meditsina, balki yashash ham AQShga qaraganda arzon”, - deydi Kris Xill.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG