Mayami sudlarida noqonuniy muhojir bolalar ishlari ko'p

  • Amerika Ovozi

AQSh chegarasini qonunga zid ravishda buzib o’tgan bolalar shu qadar ko’payganki, immigratsiya sudlari kunu-tun ular ishlarini ko’rib chiqishga majbur. Ayniqsa Florida shtatining Mayami shahrida sudlar ko’rishi kutilayotgan 13 000 ish bor. Obama ma’muriyati bolalar ishlarini birinchi navbatda ko’zdan kechirishni buyurdi. Mayamilik bir advokat bu qaror unga o’xshagan huquqshunoslar hamda bolalar hayotiga qanday ta’sir qilganini so’zlab berdi.

Advokat Elizabet Sanchez-Kennedi ertalab uyg’onar ekan, kuni qanday o’tishini bilmaydi.

“Bugun ishim ko’p bo’ladimi yoki bo’sh bo’lamanmi, aytish qiyin”.

U Mayami immigratsiya sudida bolalar huquqlarini himoya qiladi. Mijozlar ko’paymoqda.

Shu yilning sakkiz oyida Floridaga hujjati bo’lmagan 4000 bola yuborildi. Advokat ba’zida Katolik huquqiy yordam tashkilotidan ishni oladiyu, sudga yuguradi.

“Huquqini himoya qilish kerak bo’lgan bolalar juda ko’p,” - deydi u.

Iyul oyida Obama ma’muriyati AQSh chegarasini qonunga zid ravishda kesib o’tgan bolalar ishining sudda ko’rilishini tezlashtirishni buyurdi.

“Jarayon sekinlasharmikan yoki bolalar soni kamayarmikan, hayronman,” - deydi yana advokat.

Hujjati bo’lmagan bolalar chegarada qo’lga tushsa, Texasdagi kabi mana bunday markazga olib kelinadi.

Sud ishni ko’rib chiqqunicha ular AQShdagi qarindoshlari qaramog’ida yashaydi. Texas, Nyu-York va Kaliforniya qatorida Floridaga eng ko’p bolalar yuborilgan.

Mayamidagi immigratsiya sudi uchun oddiy kun. Ertalab 36 bola ishi ko’rib chiqilishi kerak. Peshindan keyin yana 30 bola navbati. Sudyalar esa to’rt nafar.

Bolalar sud binosiga kirishdan qo’rqadi. 15 yoshli Roksana kabi.

“Juda qo’rqdim. Ular menga qanday savol berishini bilmasdim,” - deydi qiz.

Bolalar bir tomonda o’tiradi, advokati bo’lsa – yonida. Boshqa tarafda hukumatdan advokat. Sudya ham hozir. Birinchi gal ish bir-ikki daqiqa ko’riladi, xolos.

“Amerikaliklar immigrantlar va adolat uchun” kabi tashkilotlar advokatlarga bolalarni sudda himoya qilishni o’rgatadi.

“Bizning xavotirimiz shundan iboratki, malakali, obro’li advokat yollay olmagan bola ishini boy beradi va dahshatli hayotga qaytishga majbur bo’ladi. Balki o’lim va qiynoqlarga qaytarilar”, – deydi tashkilot rahbari Sheril Littl.

Uilmer Fernando Lorensoga o’xshab. U uch ukasi bilan Gondurasdagi jinoiy to’dadan qochib AQShga kelgan. Ammo umidlari ushalmadi.

“O’qishga kelsang, qolishing mumkin, deb aytishgandi menga. Aslida hammasi yolg’on ekan. Chunki taqdiringiz sudya qo’lida ekan,” - deydi yigit.

Ayrimlarga ko’ra, Obama ma’muriyati Markaziy Amerikadan kelgan bolalarni sudsiz deportatsiya qilish mumkin emas, deb qonunni noto’g’ri talqin qilmoqda.

“Qonunlar to’g’ri amal qilmayapti. Natijada bolalar bu yerda qolar ekan, ular ketidan boshqalar ham kelmoqda,” – deydi faol Devid Kolkett.

Ammo yaqin orada masalada hech qanday o’zgarish bo’lmaydi, chunki hukumat immigratsiya islohotiga 4-noyabrgi saylovlargacha qaytmaydi.

Demak, bolalar ishlarini ko’rib, masalasini tezda hal qilish amaliyoti davom etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG