AQShda o'rta sinf kichraymoqda

  • Amerika Ovozi

1971-yilda AQSh aholisining 61 foizi o’rta sinfga mansub edi. Endi esa bundaylar 50 foizga teng, ya’ni o’rtahol amerikaliklar soni 11 foizga kamaygan.

O’tgan asrning so’nggi choragida aksariyat amerikaliklar o’rta sinfni tashkil qilar edi. Bu esa ular qoniqarli turmush darajasi va iqtisodiy xavfsizlikka ega bo’lganini anglatadi.

O’rta tabaqaning ko’payishi farovonlik va teng imkoniyatlar demakdir. Iqtsidoiy jihatdan aholining katta qismi yaxshi yashashi demokratik tizim samara berayotganini anglatadi.

“O’rta sinf ahvoli yaxshi bo’lsa, butun Amerika ahvoli yaxshilanadi, - degan edi Prezident Barak Obama shu yilning mart oyidagi nutqida. – Kambag’al oilada tug’ilgan oddiy odamlar o‘rta sinfga qo’shila olsa bundan butun jamiyat foyda ko’radi”.

Prezidentlikka nomzodlarning bari o’rta sinf haqida gapiradi. Respublikachilar daromadi o’rta darajada bo’lgan amerikaliklar kamayayotganini ta’kidlamoqda.

Nufuzli “Pyu” (Pew) tadqiqotlar markazi o’tkazgan izlanish ham aynan shuni ko’rsatgan.

Markazga ko’ra, o’rta sinf deganda uch kishidan iborat oilaning yiliga 42 ming dollardan 126 ming dollargacha daromad olishi nazarda tutiladi.

1971-yilda AQSh aholisining 61 foizi o’rta sinfga mansub edi.

Endi esa bundaylar 50 foizga teng, ya’ni o’rtahol amerikaliklar soni 11 foizga kamaygan.

Boylar va kambag'allar ko'paymoqda

1970-yildan buyon o’rta sinfga mansub amerikaliklarning daromadi 34 foizga oshgan. Biroq badavlat odamlar 47 foizga boyigan.

Yangi asrda o’rta sinfda qolish ancha qiyinlashdi. 2014-yilda o’rta daromad 2000-yilga qaraganda 4 foizga kamroq bo’lgan. Uy-joy bozoridagi tanazzul va iqtisodiy inqiroz sababli 2001-2013 – yillarda amerikaliklar boyligi (aktivlar minus qarz) 28 foizga pasaygan.

Ayni vaqtda boy va o’rtahol odamlar orasidagi tafovut chuqurlashgan.

1970-yilda badavlat odamlar butun mamlakatdagi boyliklarning 29 foiziga egalik qilgan. 2014-yilga kelib ular qo’lida 49 foiz aktivlar mujassam edi. O’rtahol amerikaliklar boyligi 1970-yilda 62 foizga teng bo’lgan bo’lsa, 2014-yilga kelib 43 foizga tushgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG