Amerika musiqasini xorijda targ'ib qilayotgan akademiya

  • Amerika Ovozi

AQSh homiyligidagi san’at dasturi doirasida Yaqin Sharq va Osiyoda Amerika musiqasi, teatr va raqsdan darslar tashkil etiladi. YES Akademiyasi urushdan keyin tinch hayotga qadam qo’yayotgan jamiyatlar va Qo’shma Shtatlar o’rtasida ko’prik o’rnatishga harakat qilmoqda.

“Gremmi” mukofoti sovrindori, jazz bo’yicha o’qituvchi Jin Eyken Osiyo va Yaqin Sharqdagi eng mashhur harbiy ansambllarga dirijyorlik qilgan.

Taylanddan u urush va mojaro girdobidan endi chiqayotgan mamlakatlarga sayohat qiladi, turli din va millat vakillari bilan uchrashadi. Turli jamiyatlar yoshlari orasida aloqa o’rnatish Eykenning maqsadi.

“Yagona umumiy til bor, u ham bo’lsa san’at. Xitoy deysizmi, Yaqin Sharqmi, dunyoning barcha hududlarida odamlar san’atni tushunadi. Ishtirokchimi, kuzatuvchi sifatidami, hamma unga qiziqadi. Iroqda ishlaganimizda, ertaga konsert berasizlar, deb bir kun oldin aytishadi. Konsert kuni zalda bo’sh joy qolmaydi”, - deydi Jin Eyken.

Jazz musiqachi Rand Kova Kurdistondan. Taylandda unga Eyken ustozlik qilgan.

“Jazz, rok, pop – musiqaning bu uslublari mening vatanim uchun yangi narsa. YES Akademiyasi Iroqda dasturini boshlagani ijobiy yangilik”, - deydi u.

YES Akademiyasida Jin Eyken jazzdan dars beradi. Yoshlarga mo’ljallangan bu programma uchun mablag’ni AQSh ajratadi. Maqsad - Amerika musiqasi va madaniyati, masalan xip-xop va Brodvey myuzikllarini o’rgatish va targ’ib qilish.

YES Akademiyasi Afg’oniston, Misr, Iordaniya, Livan, Malayziya, Pokiston va Suriyada ham faoliyat yuritadi. Biroq eng katta e’tibor talab qiladigani Iroq, deydi Eyken.

Iroqning kuchli orkestrlari, musiqa va teatr maktablari bor. Tirishqoq, bilimga chanqoq talabalar ham kam emas. Biroq davomli urush sababli o’qituvchilar malakasini oshirish imkonidan mahrum bo’lgan, deydi direktor Jon Fergyuson.

“Biz madaniy infratuzilmani qayta tiklashda yordam beryapmiz. Yangi avlod o’qituvchilarini tayyorlab, talabalarda qiziqish uyg’otmoqchimiz, musiqa, raqs va teatrga bo’lgan ishtiyoqi yo’qolmasin, deymiz”.

Fergyuson deydiki, Afg’onistonda raqsdan dars berish man etilgan. Biroq mintaqaning boshqa mamlakatlarida g’arb san’atiga qiziqish katta. Axir Gollivud filmlarini hamma yaxshi biladi, qolaversa professional o’qituvchilar bu yerda kam.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG