Jon Kerri G'arbiy sohil, Quddusda bo'ldi

  • Amerika Ovozi

G'arbiy sohilda falastinliklar Davlat kotibi Jon Kerrining tashrifiga qarshi namoyish qilmoqda.

G'arbiy sohilda falastinliklar Davlat kotibi Jon Kerrining tashrifiga qarshi namoyish qilmoqda.

Yaqin Sharqqa safar qilayotgan Amerika bosh diplomati Jon Kerri bugun Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu va Falastin prezidenti Mahmud Abbos bilan ko’rishdi. Falastin-Isroil tinchlik muzokaralari, Falastin davlatchiligi kun tartibidagi asosiy mavzulardan.

Amerika diplomatining aytishicha, har qanday muzokarada muammo va tortishuvlar bo’lishi tabiiy. Ammo Jon Kerri taraflar bu to’siqlardan o’tishiga ishonchi komil – ham Isroil, ham Falastin kompromisga borishi kerak bo’ladi, deydi u.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Falastin bilan tinchlik tarafdori ekanini ta’kidlayapti. U Jon Kerrining tashrifi muzokaralarga ijobiy ta’sir qilib, tarixiy murosaga erishiladi degan umidda. U Falastin bilan uch oy oldin qayta boshlangan muloqot haqida xulosa qilishga shoshmayapti.

Isroil rasmiysining da’vosicha, Falastin tomoni sun’iy muammolar tug’dirishda, tugal qaror qabul qilishdan qochishda davom etayapti. Bu esa tom ma’nodagi tinchlikka erishishga halaqit bermoqda, deydi Netanyaxu.

Mahmud Abbos Jon Kerri bilan uchrashuvdan keyin biror bayonot bermagan. Ikki o’rtada bahsga sababchi muammolar – Falastin o’z davlati uchun da’vo qilayotgan hududlarda qurilayotgan yahudiy posyolkalari, Isroil qamoqlarida qolayotgan falastinlik mahbuslar va hokazo.

Jon Kerri tinchlik muzokaralarida Falastin iqtisodiy taraqqiyotini ustuvor yo’nalish qilib belgilagan. Xususan, bugungi safari paytida ham u 75 million dollarlik bunyodkorlik loyihalarini e’lon qildi.

Bu orada, xalqaro hamjamiyat Eron yadro dasturi xususida va islomiy respublikaga qo’yilgan sanksiyalarni yumshatish borasida muzokara olib borar ekan, Isroil bezovta. Tehron o’z yadroviy izlanishlarini butunlay tugatgan taqdirda sanksiyalarni olib tashlash mumkin, deya ogohlantiradi Netanyaxu.

Davlat kotibi Jon Kerri so’zlariga ko’ra, maqsad Eronning yadro dasturi tinch maqsadni ko’zlashiga, ommaviy qirg’in quroli yaratishdan yiroq ekaniga ishonch hosil qilish. Xalqaro hamjamiyat oldidagi vazifa shu, deydi AQSh bosh diplomati.

Jon Kerri G’arbiy sohil va Isroilga safaridan keyin Iordaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Jazoir va Marokashga jo’naydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG