Breaking News

Jon Kerri Isroil va Falastin o'rtasida tinchlik muloqotini qayta tiklamoqchi


AQSh Davlat kotibi Jon Kerri
AQSh Davlat kotibi Jon Kerri

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Isroil va Falastin o'rtasida tinchlik jarayonini yangilash harakatida. Kerri tashabbusi bilan yil boshida boshlangan muloqot so'nggi ixtiloflar ketidan to'xtab qolgan edi. Tahlilchilar yangi muzokaralardan naf chiqishiga shubha bilan qaraydi.

Isroil-Falastin tinchlik muzokarasi, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:57 0:00
Yuklab oling

Kuzatuvchilar Falastin va Isroil o'rtasida hozir muzokara boshlashning mavridi emasligini ta'kidlamoqda. Isroil askarlari yaqinda G'arbiy Sohilda AQSh fuqarosi bo'lgan falastinlik o'smirni otib o'ldirdi. Shuningdek, G'azodagi 50 kunlik urush tugashi bilan Isroil Sharqiy Quddusda yana yahudiy posyolkalarini qurishga kirishmoqda.

Vaziyat tarang, ammo Obama ma'muriyati ahvolning yanada yomonlashishiga yo'l qo'ya olmaydi, deydi AQSh Davlat kotibi Jon Kerri.

“Muzokara yo’lini topish uchun harakat qilish muhim. Shu maqsad yo’lida ovoza qilmasdan ishlaganimiz yaxshi. Hozir xuddi shunday qilyapmiz”, - dedi Kerri.

Ammo muloqot uchun imkon topish juda mushkul. Xalq yuzlashib turgan yer va xavfsizlik muammolari bunga yo’l bermayapti.

Bosh vazir Benyamin Netanyaxu Isroil 50 yildan beri yahudiylar uchun posyolka qurib kelayotganini aytadi.

“Bu yerlar kelajakda ham Isroil suvereniteti ostida bo’lishi falastinliklarga ham yaxshi ma’lum”, - deydi u.

Falastin Bosh vaziri Rami Hamdallohga ko’ra esa, qurilishlar noqonuniy.

“Xudo xohlasa, bu bosqin o’z nihoyasiga yetadi va poytaxti Sharqiy Quddus bo’lgan mustaqil Falastin davlati paydo bo’ladi”, - dedi Hamdalloh.

Xuddi shu bahs tufayli Falastin Prezidenti Mahmud Abbos va Bosh vazir Netanyaxu hech kelisha olmaydi, deydi Amerika universiteti professori Gay Ziv.

“Bu ikki yetakchi saylovchilari talablaridan tashqariga chiqa olmaydi. Ular nima desa, shunga ergashishga majbur”, - deydi u.

Sobiq AQSh elchisi Adam Ereliga ko’ra, Isroil Falastin hukumati va uning XAMAS bilan ittifoqini e’tiborsiz qoldirishda davom etyapti.

“Mahmud Abbos Falastin siyosatini belgilaydigan shaxs emas, balki uning bir ramzi xolos. Siyosat qurolli qarshilik ko’rsatish tarafdori bo’lgan hamda qo’shnilar bilan tinch yashashni istovchi ikki guruh o’rtasida bo’lingan”, - deydi Ereli.

Hech bir tomon AQSh yetakchiligidagi tinchlik jarayoniga qaytishga shoshmayapti.

“Aslida muloqotga Kerridan ko’ra bu ikki tomon ko’proq muhtoj. Muzokaralarning oxirgi bosqichda muvaffaqiyatsiz yakunlanishiga ham shu sabab bo’ldi. Uning yaqin orada yana boshlanishiga ko’zim yetmaydi”, - deydi professor Ziv.

Muloqotda muhim vositachilik vazifasini bajaruvchi Misr yaqinda chegarada 33 askarining o’limiga sabab bo’lgan hujum ketidan Shimoliy Sinayning bir qismida uch oylik favqulodda holat e’lon qildi. Bu ham Isroil va Falastin o’rtasidagi muzokaralarning istiqboliga soya solmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG